17:59 / 22.07.2019
14198

Yunusobod yo‘nalishida yer osti metro qurilishining ikkinchi bosqichi boshlandi

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida yopiq usulda qurilayotgan uzunligi qariyb 1,5 kilometrlik yangi tunnelning burg‘ilash ishlari boshlandi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar qilmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu jarayon Germaniyadan keltirilgan zamonaviy HERRENKNECHT texnikasi yordamida amalga oshirilyapti. Mazkur uskuna bir kunda 12 metrgacha bo‘lgan masofada harakatlana oladi. E'tiborlisi, yangi texnika nafaqat burg‘ilash ishlarini bajaradi, shuningdek, maxsus halqa (tyubing)larni ham o‘rnatish jarayonini parallel ravishda olib boradi.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Ta'kidlanishicha, yangi yo‘lning umumiy uzunligi 2,93 kilometrni tashkil etib, metroning tunnel qismidagi qurilish-montaj ishlari ochiq va yopiq usulda olib borilmoqda. Bugungi kunda mazkur yer osti qurilishida 40 ga yaqin zamonaviy maxsus texnika va mexanizmlarda 180dan ortiq malakali muhandis va mutaxassislar kechayu-kunduz uzluksiz ish olib borishmoqda. 

Loyiha 2019 yil oxirigacha to‘la nihoyasiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetkazilgach, Yunusobod metro yo‘nalishiga yana ikkita bekat qo‘shiladi. Bular «Yunusobod» va «Turkiston» bekatlari bo‘lib, hozirgi kunda bekatlar oralig‘ida tonnelni qurish hamda «Turkiston» bekatida qayta chiqish (oborotniy s'yezd) va tupiklarini qurish bo‘yicha ochiq usulda ishlar olib borilmoqda. 

«Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilishi» loyihasining umumiy qiymati – 124,8 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha «Toshkent Metroloyiha» MChJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. 

Ma'lumki, joriy yilning may oyida loyihaning dastlabki bosqichida burg‘ilash ishlari yakunlangan edi. Umumiy uzunligi 1,5 km bo‘lgan kovlash ishlarida 938 komplekt temir-beton halqalar mustahkamlanib, «Shahriston» bekati bilan ulanish uchun tayyorlangan maxsus qismiga yetib kelgan edi. 

Top