20:10 / 24.07.2019
9813

Nodavlat notariuslar qay tartibda ishlaydi?

Bugun, 24 iyul kuni Adliya vazirligi tomonidan soha mutaxassislari ishtirokida vazirlik tomonidan ishlab chiqilib, muhokamaga qo‘yilgan prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Bu farmon loyihasiga ko‘ra:

  • Davlat notarial idoralarini bosqichma-bosqich notariatning nodavlat shakliga o‘tkazish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasini tashkil etish, uning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari;
  • Ayrim turdagi bitimlarni majburiy notarial tasdiqlash tartibini bekor qilish hamda yangi turdagi notarial harakatlarni joriy etish;
  • Uy-joyni boshqa shaxsga o‘tkazish, mol-mulklarni ijaraga (arendaga), tekin foydalanishga berishda ayrim talablarni bekor qilgan holda ushbu bitimlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish;
  • Masofadan turib, shu jumladan videokonferensaloqa orqali notarial harakatlar amalga oshirish mexanizmini joriy etish;
  • Fuqarolarni notarius kasbiy majburiyatlarini buzishi natijasida yetkaziladigan zarardan muhofaza qilish maqsadida nodavlat notarial idoralar notariuslarining fuqarolik javobgarligi sug‘urtalash;
  • Notariusga elektron murojaat qilish mexanizmini takomillashtirish orqali tekzor notarial xizmatlar ko‘rsatish va boshqalar nazarda tutilgan.

Tadbirda notariuslarning nodavlat maqomiga o‘tishi natijasida ularning ish prinsipi qanday hujjatlarga asoslanishi, tushum qanday taqsimlanishi haqida so‘raldi. Bu savolga Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Mas'um Hotamov javob qaytardi.

«Notariuslar nodavlat shaklga o‘tkazilganidan so‘ng, albatta, faoliyati litsenziyalanuvchi tashkilotlar qatoridan joy oladi va ular tegishli tartibda litsenziya olishadi. Endi ularning tushumlarini taqsimlashga kelsak, hozircha bu masala yuzasidan aniq to‘xtamga kelinmagan, yuqorida ta'kidlanganidek, bu hali farmon loyihasi, u o‘zgarishi mumkin. Notarial idora tomonidan undirilgan bojlar va boshqa yig‘imlarni tasdiqlash bo‘yicha tegishli tartibda hukumat qarori qabul qilinishi kerak», - deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Loyiha bilan mana bu havola orqali tanishish mumkin.

Top