15:25 / 24.07.2019
153169
Organ xodimlari kimni himoya qilishi kerak: zo‘ravon hokimnimi yoki o‘z haqini talab qilayotgan xalqni?

So‘nggi kunlarda viloyatlarda buzilish ishlari hamda hokimiyat va huquq-tartibot organlarining bu bilan bog‘liq xatti-harakatlari jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turibdi.

G‘alati ishlar bo‘lyapti-da, chindan ham.

Ko‘rib chiqamiz. G‘ijduvon tumani prokurori tuman dehqon bozorida qariyb 13 yildan buyon foydalanib kelgan do‘konlari buzilayotgani va evaziga yetarli kompensatsiya to‘lanmaganidan yozg‘irayotgan tadbirkorlar huzuriga kelgan viloyat biznes ombudsmanini tanimasdan «NeGA XALQNI KO‘TARYaPSIZ?» deb, tuman IIB boshlig‘iga «obor buni», deyapti.

Yakkabog‘da tuman mutasaddilari ichki ishlar xodimlari qurshovida turib kompensatsiya to‘lovlarisiz imorati buzilayotgan tadbirkorning qariya otasiga qarab «NeGA XALQNI KO‘TARYaPSIZ?» deb baqirishyapti.

Xo‘sh, bu bilan ular xalq ko‘tarilishiga sabab bor deyishmoqchimi?

Mushohada qilaylik: mahalliy hokimliklar prezident va hukumat qarorlarini mensimasdan, xalqning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqini poymol qilib, ularni rozi qilmasdan, prokuratura va ichki ishlar organlari orqasiga biqinib olgani uchun ham xalq norozi bo‘lmayaptimi?!

Xalq to‘layotgan soliqlar evaziga maosh olib, forma kiyib, yana o‘sha xalqning tarafini olish o‘rniga, ularni tepib ezg‘ilayotgan prokuratura va ichki ishlar organlarining loqaydliklari va o‘z kasbiga xiyonat qilayotganidan xalq norozi bo‘lmayaptimi?!

Axir qurbaqani bossangiz ham «vaq-q» etgan ovoz chiqadi! Ammo bular — inson-ku?!

G‘ijduvonda yana bir qiziq holat guvohi bo‘ldim: tuman IIB boshlig‘ining e'tiborini o‘ziga qaratishni istagan keksa onaxon uning bilagidan tutmoqda. IIB boshlig‘i esa o‘shqiryapti: «Tegmang formamga! Formani menga davlat bergan! Tegmang formamga! Haqqingiz yo‘q!!! Tegmang formamga! Tegmang formamga! Tegmang formamga! Tegmang formamga! Tegmang formamga! Tegmang formamga! Tegmang formamga!!!». Onaxon angraygancha nariroqda qolib ketgan bo‘lsa-da…

Qashqadaryoning Kasbisida kun issig‘ida fermerlarga seminar o‘tib, jaziramada odamlarning qo‘liga kishan solib, avtobusga qamatgan tuman IIB boshlig‘i-chi? Fermerlarni urgani uchun sudlangan Qarshi tuman IIBning sobiq rahbari-chi?

Joylarda bunday rahbarlar qachon paydo bo‘ldi? Kim yetishtirdi, kim tarbiyaladi ularni? Eng qizig‘i, ular yo jazolanmaydi, yo jazodan osongina qutulib qolishadi. Xo‘rlangan fuqaro esa chapak chalgancha qolib ketaveradi. Boz ustiga, «nima qila olding?» deb shikoyat qilgan fuqaroni mazax qilishadi.

Nega tuman hokimlari jafokash va mehnatkash xalqning mulkini kunpayakun qilishdek qabih ishlarini amalga oshirish uchun aslida xalqni himoya qilishi kerak bo‘lgan organ xodimlaridan foydalanmoqda? Nega ular o‘zining qonuniy haqini talab qilgan sabrli va bardoshli odamlarimizni «ko‘tarilish»da ayblashmoqda?

Prezidentimiz baland minbarlardan xalqning tilini topish, ularni rozi qilish haqida qancha kuyinib gapirsa, ayrim joylarda o‘chakishgandek bu gaplarning g‘irt teskarisini qilishmoqda. Endi ayting: prezident boshlagan islohotlarning dushmanlari aslida shular emasmi?

Ularning bunday xatti-harakatidan xabar topgan qaysi xorijiy investor yurtimizga qadam bosadi? Kim pul tikadi, istalgan onda sarmoyasidan ajralib qolishi mumkinligini bilsa? Kim ish boshlaydi dodiga quloq solishi kerak bo‘lganlarning o‘zi reyderlikning tepasida turgan bo‘lsa?!

Holbuki, ko‘chmas mulkning buzilishi, yer uchastkalari davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi evaziga kompensatsiya to‘lovi normativ hujjatlarimizda o‘z aksini topgan. Lekin hokimlar uchun bu qarorlar mutlaqo ahamiyatsiz ko‘rinadi. Ular o‘zlari o‘ylab topgan qonun-qoidalar bilan harakat qilishmoqda. Bu yo‘ldan ularni qaytarishi kerak bo‘lgan prokurorlar esa tomoshabin. «Onangni qozi so‘ksa, dardingni kimga aytasan?», degani mana shu bo‘lsa kerak.

Yana bir vaziyat: Qashqadaryoning Yakkabog‘ida ham, Buxoroning G‘ijduvonida ham hokimlik vakillari «haqingni ajratmoqchimisan, qo‘lingdan kelsa ana sudga ber», deyishmoqda tadbirkorlarga. Bu bilan ular sudlarimizning chalajon ekanligiga ishora qilib, baribir o‘zlari istagan hal qiluv qarorini chiqarib olishiga mutlaq ishonishlarini namoyish etishmoqdami?

Fuqarolarning obektini yozma ogohlantirishsiz, darhol buzish uchun kelgan Yakkabog‘ tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayevning yonidagi mutasaddi aholiga qarata shunday tushuntirmoqda: «Og‘zaki murojaat bilan yozma murojaat, og‘zaki ogohlantirish bilan yozma ogohlantirish teppa teng. Biz sizlarni ogohlantirganmiz».

Ya'ni, og‘zaki ogohlantirganmiz, demoqchi. Sodda va sabrli xalqni laqillatishning usuliga qarang!

Lekin u arbob bilmaydiki, faqat murojaatlargina og‘zaki qabul qilinadi. Tashkilot tomonidan murojaatlarga barcha javoblar yoki davlat tashkiloti tomonidan beriladigan bildirishnomalar va ogohlantirishlar yozma ravishda berilishi shart!

Xususan, yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlanguncha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlarni qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shart. Keyinchalik sud yoki boshqa masalalarda HUJJAT bo‘lishi uchun.

Bu — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi №97-sonli «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga ko‘ra tasdiqlangan, «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida nizom»da o‘z aksini topgan.

Hukumatning shu qarorida obektlarni buzish qanday maqsadlarda amalda oshirilishi ham sanab o‘tilgan:

  • mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;
  • xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  • foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
  • avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi obektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  • aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan obektlarni qurish bo‘yicha bajarish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Yer uchastkalarini olib qo‘yish bilan bog‘liq obektlarni buzishga ko‘chmas mulkning bozor qiymati hamda olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №5495-sonli farmonida ham bu tartib yana bir marta takrorlangan:

  • yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning BUZILIShIga ko‘chmas mulkning BOZOR QIYMATI va olib qo‘yish sababli mulkdorga YeTKAZILGAN ZARAR o‘rni TO‘LIQ QOPLANGANIDAN KeYIN ruxsat beriladi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma'muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi.

Qolaversa, so‘nggi voqealar prezidentning qulog‘iga yetib borgan shekilli, 23 iyul kuni o‘tkazilgan kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlarning bino-inshootlarini buzish va buning uchun kompensatsiya to‘lash borasida tizimli yondashuv yo‘qligi tanqid ostiga olindi.

«Barcha hokimlarni qat'iy ogohlantiraman — asosli zarurat bo‘lmagan holda tadbirkorlarga tegishli mol-mulkni buzishga umuman yo‘l qo‘yilmasligi zarur va shart», — dedi davlat rahbari.

Prezident aholi punktlarini istiqbolda rivojlantirish rejalarini hisobga olmasdan, katta hududlarda joylashgan inshootlar buzib yuborilayotgani oqibatida juda ko‘p miqdorda kompensatsiya to‘lovlari kelib chiqayotganini, hokimliklar buziladigan binolarning o‘rnida yangi korxonalarni qurish bo‘yicha investorlarni topib, kompensatsiya to‘lovini ularning hisobidan to‘lanishini ta'minlamayotgani sababli ushbu xarajatlar davlat budjeti zimmasiga tushayotganini ta'kidlab o‘tgan.

Umid qilamizki, prezidentning bu gapini mahalliy hokimliklar «hammasini to‘g‘ri qilayotgan ekanmiz, imkon qadar kompensatsiya to‘lamasdan buzish kerak ekan», deb tushunishmaydi. Chunki yetkaziladigan zarar avvalo mahalliy organlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanishini unutmaylik.

Fuqarolarning umidi esa mavjud qarorlardan: ular fuqarolarni to‘liq himoya qilishi, ularga yetkazilgan zarar qay tariqa to‘lanishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, afsuski mahalliy hokimliklar buni mutlaqo e'tiborga olishayotgani yo‘q. Ha, ular o‘zlari to‘qib chiqargan qonun-qoidalar bo‘yicha harakat qilishmoqda. «Qonun-qoidalarga amal qiling, axir», deganlarning ro‘parasiga shu xalqning solig‘idan maosh olib yurgan prokuror va militsiya xodimlari chiqmoqda: «Amal qilmaydi, nima gaping bor?» degandek qilib.

Bu absurd, paradoks va jinnilikka kimdir nuqta qo‘yishi kerak. Yoki shu organ xodimlarining eng kattasi chiqib aytsin: «Nuqta qo‘ymaymiz, nima gaping bor?!» — deb. Hammamizning unimiz o‘chsin.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri

Top