16:32 / 24.07.2019
24665

Prezident kichik biznes rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarga to‘xtaldi

23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni keng quloch yozishiga xalaqit berayotgan muammolarga to‘xtalib o‘z fikrini bildirdi.

«Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini muhandislik-kommunikatsiya tizimlariga ulash va qurilishga ruxsat olish jarayonidagi muammolar sababli sanoat sohasi, kichik biznes yetarli darajada rivojlanmayapti.

O‘tgan olti oy davomida kichik biznesning sanoatdagi ulushi tushib ketgan. Bunday holat Navoiy va Qashqadaryoda ham mavjud. Navoiy, Buxoro va Qashqadaryodagi iqtisodiy hududlarning 35 foizi tashqi kommunikatsiya bilan haligacha ta'minlangani yo‘q. Xuddi shunday Qoraqalpog‘istonda 6ta, Samarqandda 11ta, Namanganda 8ta, Qashqadaryoda 7ta, Toshkent viloyatida 3ta kichik sanoat zonalari elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi tarmoqlari bilan ta'minlanmagan. Misol uchun, Yangiyo‘l tumanidagi kichik sanoat zonasida suv tarmog‘iga ulash ishlari oxiriga yetkazilmagani va elektr tarmog‘ida uzilishlar bo‘lgani sababli, tadbirkor ishlab chiqarish korxonasini besh yarim oy davomida ishga tushira olmagan. Va bu holatga hech qaysi mutasaddi e'tibor bermagan. Bu qancha soliq yo‘q bo‘ldi, degani.

Musayev (Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev) shu tadbirkorga yordam berish uchun viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i ishlashi kerakmi? Korxona bankdan kredit olganini ham hisobga olaylik. Uning ham to‘lovini qilish zarur», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.    

Yig‘ilishda tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan yana bir muammo – loyihalarni joylashtirish uchun yer ajratish masalasiga alohida e'tibor qaratildi.

Top