15:47 / 24.07.2019
4883

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi senatorlar so‘rovini javobsiz qoldirmoqda - Senat qo‘mitasi raisi

Foto: senat.uz

24 iyul kuni Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining 2019 yil yanvar - iyun oylarida qilingan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.

Majlisda qayd etilishicha, vazirlik 2019 yilning birinchi yarmida bajarilishi belgilangan 9ta vazifaning 4tasini amalga oshirmagan.

Senator Rahmatilla Nazarovning ta'kidlashicha, vazirlik Senat bilan hamkorlik ishlarini olib borishga sustkashlik bilan yondashmoqda. “Senatorlar tomonidan yuborilgan so‘rovlar ochiq, javobsiz qolyapti. Hamkorlik masalalariga ham vazirlik xodimlari mas'uliyatsizlik bilan yondashmoqda”, ─ deydi u.

Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov bunday munosabatni deputatlarga nisbatan hurmatsizlik, o‘z navbatida, xalqqa nisbatan hurmatsizlik deya baholadi. “Vazirlik ko‘p ishlarni qilyapti, to‘g‘ri. Lekin ijro intizomi qoniqarli ahvolda emas. Buni biz ham ko‘ryapmiz, Vazirlar Mahkamasi ham qayta-qayta ta'kidlayapti. Eng muhim masalalar ochiq qolyapti. Bir qator xorijiy mamlakatlar uchun bojxona tariflarini kamaytirish belgilangan edi. Bu bo‘yicha hech bir ish qilinmagan”, ─ deydi Kurmanov. 

Qo‘mita raisining ta'kidlashicha, vazirlik Senatga va Hisob palatasiga tegishli hisobotlar va hujjatlarni o‘z vaqtida, talab darajasida tayyorlab bermagan. “Hisob palatasiga bitta narsa bo‘yicha ikki martalab hisobot topshiryapsizlar. Birinchisi qoniqarsiz bo‘ldi, shuning uchun Hisob palatasi ikkinchi marotaba talab qilishga majbur bo‘ldi”, ─ deydi Kurmanov Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Alisher Abdualiyevga.

Alisher Abdualiyev vazirlik rahbariyati tomonidan hududlarda investitsion loyihalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani, mavjud kamchiliklar keyingi chorakda bartaraf etilishini qayd etib o‘tdi.

Top