09:50 / 25.07.2019
13218

Dibalaga uch grand klub da'vogar

«Tottenhem Hotspur» «Yuventus» hujumchisi Paulo Dibala uchun katta pul to‘lashga tayyor.

Daily Mail manbasi ma'lumotiga ko‘ra, klublar o‘rtasidagi muzokaralar bir oy muqaddam boshlangandi. «Shporlar» prezidenti Deniel Levi jamoa bosh murabbiyi Maurisio Pochettinoni qo‘llab-quvvatlash maqsadida klubga kuchli hujumchi olib kelmoqchi. Transfer qiymati  80 mln funtga (90 mln yevro atrofida) baholanmoqda. Agar ushbu transfer amalga oshsa, Dibala londonliklar klubi tarixidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylanadi. Ayni vaqtda bu maqom biroz avvalroq «Lion»dan xarid qilingan Tangi Ndombelega tegishli bo‘lib turibdi.

Bundan avvalroq, ushbu 25 yoshli argentinalik futbolchiga «Manchester Yunayted» va «Pari Sen-Jyermen» klublari da'vogarlik qilayotgani xabar qilingandi. 

Calciomercato nashri xabariga ko‘ra, inglizlar klubi Pol Pogba va Romelu Lukaku transferi bilan bog‘liq vaziyat oydinlashishini kutmoqda va bu futbolchilardan biri klubni tark etishi aniq bo‘lsa, Dibala transferi bo‘yicha amaliy harakatlar boshlamoqchi.

«PSJ» esa asosiy hujumchisi Neymar klubni tark etgudek bo‘lsa, 25 yoshli argentinalik futbolchi xizmatlariga ehtiyoj sezadi. Fransuzlar klubi sport direktori Leonardo «PSJ» tomonidan Dibalaga qiziqish mavjudligini tasdiqladi.

Dibala o‘tgan mavsumda turinliklar klubining barcha turnirlar doirasidagi 42 uchrashuvida maydonga tushib, jami 10 gol urgan va 6 golga uzatma bergan. Futbolchining «Yuventus» bilan shartnomasi muddati 2022 yil yoziga qadar tuzilgan. Turinliklar klubiga u 2015 yilda «Palermo»dan 40 mln yevro evaziga o‘tgandi. Forvardning transferlar bozoridagi qiymati bugungi kunda 85 mln yevroga teng. 

Mavzuga oid
Top