12:12 / 26.07.2019
32428

«Navoiyazot» havoni ifloslantirishidan aholi aziyat chekmoqda

Navoiy shahrida joylashgan «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyati qishloq xo‘jaligida zarur bo‘lgan azotli o‘g‘itlar va boshqa turdagi kimyo vositalari ishlab chiqaradi. Uning mamlakatimiz kimyo sanoatida tutgan o‘rni beqiyos, bu shubhasiz.

Lekin ushbu zavoddan chiqayotgan zaharli havo Navoiy shahri va zavodga yaqin hududlar aholisining muttasil e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, Kun.uz tahririyatiga ham Navoiy shahridagi mahallalar aholisidan bu masala bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Ularning ta'kidlashicha, zavoddan chiqayotgan hid va zaharli havo tufayli ular nafas olishga qiynalmoqda. Ayniqsa, yozning hozirgi jazirama kunlarida bu hol chidab bo‘lmas darajaga yetgan.

Aholini bir necha yillardan buyon qiynab kelayotgan ushbu muammo yuzasidan viloyatda tegishli tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar olib borilyaptimi?

Navoiy viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining mazkur masala yuzasidan ma'lumot berishicha, «Navoiyazot» AJdan chiqarilayotgan zararli gazlar va yoqimsiz hidlar bezovta qilayotgani to‘g‘risida boshqarmaga ham ko‘plab shikoyatlar tushgan. Masala yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, zavod sanitar laboratoriyasi tomonidan reja-jadval asosida kechayu-kunduz belgilangan soatlarda jamiyatning sanitar himoya hududi, Karmana tumani «Ayronchi» mahallasi hududi, viloyat hokimligi binosi yonidan tahlil namunalari olinadi.

Navoiy shahar atmosfera havosi doimiy ravishda viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi tomonidan 24 soat davomida belgilangan uchta postda 8 xil ingridiyentlarga namunalar olinib, tahlil qilinadi. Tahlil natijalari boshqarmaga doimiy ravishda nazorat uchun taqdim etib boriladi.

Ob-havoda noqulay meteorologik sharoit vujudga kelganda ya'ni havoning tinch holatida (shtil), shamol o‘z yo‘nalishini shahar tomonga o‘zgartirganda atmosfera havosi tarkibida noorganik chang, azot oksidlari va ammiak moddalari mavjudligi kuzatilgan.

Bunday sharoitda atmosfera havosining tabiiy tarkibini saqlash maqsadida «Navoiyazot» AJ ishlab chiqarish sexlari ogohlantiriladi va noqulay meteorologik sharoitda belgilangan tartib asosida I-II-III-rejimlarga o‘tiladi. Noqulay meteorologik sharoitda bajariladigan chora-tadbir rejalari tuzilib, boshqarma bilan kelishilgan.

Shuningdek, boshqarma tomonidan berilgan ma'lumotda ta'kidlanishicha, joriy yil 19 iyul kuni «Navoiyazot» AJ sanitar laboratoriyasi xodimlari tomonidan zavod hududining atmosfera havosidan namunalar olinib tahlil qilinganda, xlor moddasining ruxsat etilgan konsentratsiyasi 1 mg/m3 bo‘lishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda 2 mg/m3 tashkil etib, belgilangan me'yordan 2 barobar yuqori holat qayd qilingan.

Zavodning 107-sex hududidan namunalar olib, tahlil qilinganda xlorid kislotasi miqdori 5 mg/m3 belgilangan bo‘lsa-da, amalda 8 mg/m3 ni tashkil etib, belgilangan me'yorlardan 1,6 barobar yuqorilik holati qayd etilgan.

Navoiy shahar gidrometeorologiya boshqarmasiga qarashli atmosfera havosining monitoringini olib borish kuzatuv laboratoriyasi (LMZAV) tomonidan shu kuni kuzatuv postlarida atmosfera havosidan namunalar olinib tahlil qilinganda, azot oksidlarining miqdori 0,09 mg/m3 ni tashkil etib (me'yor-0.04 mg/m3), belgilangan me'yorlardan 2,25 barobar, ammiak miqdori 0,08 mg/m3 ni tashkil qilib (me'yor-0,04 mg/m3) 2 barobar yuqorilik holati qayd etilgan. Xuddi shunday holat 3-postda (Qizilqum ko‘chasidagi kuzatuv postida) qayd qilingan, ya'ni azot oksidlarining miqdori 0,10 mg/m3 yoki (me'yor-0,04 mg/m3) 2,5 marta yuqoriligi aniqlangan.

Aniqlangan ushbu holatlar aholi yashash punktlarida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi belgilangan me'yorlardan yuqori ko‘rsatkichdir.

Boshqarma mutaxassislarining ta'kidlashicha, bu kabi salbiy holat kelib chiqishiga havo harorati keskin ko‘tarilib ketishi, shamol tezligining pastligi sababli zararli gazlarni tarqalishi qiyinlashishi sabab bo‘lmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, zararli gazlarni tozalash va ushlab qolish uchun kerakli ehtiyot qismlar almashtirilishi shart bo‘la turib, korxona tomonidan vaqtida almashtirilmagan. Ehtiyot qismlarni chet eldan sotib olish uchun belgilangan tartibda «UZKIMYOIMPEKS» MChJga buyurtmalar yuborilgan. Lekin atmosfera havosiga zararli moddalar keskin kamayishini ta'minlaydigan klapan-regulyatorlar, gaz yonish jarayonlarining granulyatsiya uskunasi VVG-500, AVK-10 katalizatorlari kabi uskuna va ehtiyot qismlar olib berilmagan.

Shu sabablar va havo harorati keskin ko‘tarilishi natijasida joriy yil 19 iyul kun «Navoiyazot» AJga tegishli 140-podstansiyada harorat ko‘tarilib, transformator avariya holatida to‘xtab qolgan.

Buning oqibatida ventilyatorlar va nasoslar ishdan chiqib, zavodning 1-toifali xavfli suyuq xlor, xlor mahsulotlari va kaustik soda ishlab chiqarish kompleksi bo‘lgan 107-sexidagi quvurda yoriq paydo bo‘lib, xlorid kislotasi to‘kilishiga olib kelgan. Xlorid kislotasi parlari bir muddat vaqt atmosfera havosiga ajralib chiqishi davom etgan. Xlorid kislota parlari atmosfera havosiga ko‘tarilishining oldini olish maqsadida suv va ohak bilan neytrallanib avariya holati bartaraf qilingan.

Aynan yuqoridagi salbiy holatlar tufayli havo ifloslanib, aholiga ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda va ularning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yilning iyul oyida kunlar isib ketishi munosabati bilan atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlarni kamaytirish maqsadida boshqarma va «Navoiyazot» AJ kelishuviga asosan 2019 yilning 18 iyuldan havo harorati baland bo‘lishi, shamol umuman to‘xtab qolishini inobatga olgan holda ertalab soat 4:00dan soat 9:00gacha sexlarda ishlab chiqarishning ayrim jarayonlari butunlay to‘xtatiladi.

Aholi e'tirozlari yuzasidan «Navoiyazot» AJ mas'ul xodimi S.Nurnazarovdan izoh so‘radik.

«Zavod qurilganiga ancha yillar bo‘lgan. Texnologiyalar eskirgan. Shu jihatlar havo ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Hozirda «Navoiyazot» AJda Prezident qarorlari asosida yangi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Xitoy texnologiyasi asosida polivinilxlorid (PXV), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi, Yaponiya texnologiyasi asosida ammiak va karbamid ishlab chiqarishlari qurilishi va Shveytsariya texnologiyasi asosida azot kislotasi ishlab chiqarishni tashkillashtirish loyihalari shular jumlasidandir.

Shveytsariya texnologiyasi asosida azot kislotasi ishlab chiqarish korxonasi joriy yil oxirida ishga tushishi bilan eski ammiak ishlab chiqarish 1 va 2 navbati va azot kislotasi ishlab chiqarish sexi (5-sex) faoliyati tugatiladi. Polivinilxlorid (PXV), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi joriy yilning 3-choragida ishga tushishi bilan 107-sex kapital ta'mirlash uchun to‘liq to‘xtatiladi. Bu tadbirlar amalga oshirilishi natijasida atmosfera havosiga tashlanadigan azot oksidlari, ammiak, xlorid kislotasi miqdori keskin kamayadi», – deydi Nurnazarov.

Ayni vaqtda «Navoiyazot» AJda 8 mingdan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilar ekan. Xo‘sh, zavoddan chiqayotgan zararli gazlar aholini shunchalik qiynayotgan ekan, ishchi-xodimlar sog‘lig‘i himoyasiga qanchalik e'tibor qilingan?

Nurnazarovning ta'kidlashicha, ishchi-xodimlar zarur himoyaviy vositalar bilan ta'minlangan. Iste'mol qilayotgan taomlari ham ularning salomatligi himoyasiga asoslangan. Sut mahsulotlari doimiy berib boriladi. Ishchi-xodimlarning sog‘lig‘ini tiklash va davolanishi doimiy e'tiborda va ular yilda bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi.

Yuqoridagi holatlardan ko‘rinib turibdiki, aholi e'tirozlari asosli. «Navoiyazot» AJdan chiqayotgan zaharli gazlar va yoqimsiz hidlar tufayli aholi nafas olishdan qiynalmoqda. Ayniqsa, jazirama kunlarda bu holatga chidab bo‘lmaydi. Korxona mutasaddisi esa yangi loyihalar ishga tushishi bilan bu muammolar bartaraf etilishini ta'kidlamoqda.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top