22:10 / 26.07.2019
20368

Rossiyaga bagaj va qo‘l yuki olib kirish tartibiga o‘zgartirish kiritildi

Foto: legalgranica.ru

O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, Rossiya bosh vazirining 17 iyulda qabul qilingan qaroriga muvofiq Rossiya davlat chegarasi o‘tish punktlarida davlat karantin fitosanitariya nazoratini amalga oshirish tartibiga o‘zgartirish kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, Rossiya chegarasini kesib o‘tayotgan shaxs bagaj va qo‘l yuki sifatida 5 kg dan ortiq bo‘lmagan sabzavot va mevalarni, har birida eng ko‘pi 15 dona gul va o‘simliklarning boshqa qismlari bo‘lgan uchtadan ko‘p bo‘lmagan guldastani olib o‘tishi mumkin bo‘ladi. 

Mazkur tovarlardan katta miqdorda olib kirish uchun tegishli fitosanitariya sertifikatlari talab qilinadi. Aks holda 2 kun ichida mahsulotlar qaytarib yuboriladi yoki egasi hisobidan yo‘q qilinadi.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaga ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga yangi qoidalar samolyot, poyezd va avtomobil yo‘lovchilariga ham taalluqli ekanligini hisobga olishlarini so‘raydi. Mazkur cheklovlar transport tizimlari xodimlariga va pochta jo‘natmalariga ham tegishli.

Top