20:10 / 27.07.2019
5750

Agrippina Shin: “4 mingdan ziyod maktabgacha ta'lim tashkilotlari internet tarmog‘iga ulanmagan”

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 maydagi “Maktabgacha ta'lim uchun kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Respublika bo‘yicha 97 ta pedagogika yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan kasb-hunar kolleji Maktabgacha ta'lim vazirligi tasarrufiga o‘tkazilib, vazirlikning pedagogika kollejlari etib belgilangan. Bu haqda kecha, 26 iyul kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisida ma'lum qilindi.

Ta'kidlanishicha, bog‘chalarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida tadbirkorlar tomonidan autsorsing asosida xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etildi. Hozirda 266 ta maktabgacha ta'lim muassasasida 60 nafar ishbilarmon 63 ming 760 nafar tarbiyalanuvchiga oziq-ovqat tayyorlash xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.

Tanqidiy va tahliliy ruhda kechgan tadbirda vazirlik tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi. Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shinning aytishicha, hisobot davrida ko‘pgina muassasalarda kompyuter vositalari bilan ta'minlash va ularni internet tarmog‘iga ulash bilan bog‘liq ishlar o‘z nihoyasiga yetmagan. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida mazkur topshiriq to‘liq bajarilmagan. Mazkur hududlarda mavjud 735 ta bog‘chaning 85 foizi yoki 624 tasi kompyuter bilan ta'minlanmagan. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi 5 ming 748 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlarining 74 foizi yoki 4 ming 271 tasi internet tarmog‘iga ulanmagan.

Top