18:44 / 27.07.2019
14440

«Avtobusdagi konditsionerlar nega ishlamaydi?» 

Yozning jazirama kunlarida barcha konditsioner bilan jon saqlayapti. Oftobning tafti ayniqsa, asfalt yo‘llarida juda yaxshi bilinadi. Yo‘lovchilariga qulaylik yaratish uchun shahar ko‘chalarida yangi rusumdagi avtobuslarga konditsioner o‘rnatilgan. Yo‘lovchi tashuvchi avtobusning ba'zilari bu qulaylikka ega bo‘la turib, nima sababdan konditsionerni ishlatmayotgani jamoatchilikni qiziqtirmoqda.

Bu yilgi yoz nisbatan jaziramali bo‘ldi. Toshkentdagi bir nechta o‘rta sig‘imli Saz Le 60va MAN rusumli avtobuslarga esa konditsioner o‘rnatilgan.

«Bugungi kunda 1300dan ziyod avtobus bo‘lib ulardan 1200tasi har kuni yurtimiz aholisi uchun xizmat qiladi. 2018 yilning oxiri va joriy yilning boshida 160ta yangi avtobuslar keltirildi. Ularning barchasi konditsioner bilan ta'minlangan. Hozirda konditsioneri bor avtobuslar 10 foizni tashkil etadi. Albatta, ko‘rsatkich past natijani qayd etadi. Biroq bu yangi jarayonga o‘tishning — dastlabki bosqichi. Keyingi yillar davomida ko‘rsatkich o‘sib boradi. Konditsionerlarning ba'zilari ishlamasligiga bir qancha sabablar bor. 7-8 avtobuslarda texnik nosozlik qayd etildi. Bu muammoni bartaraf etilishi uchun ishlab chiqaruvchi javob beradi. Yana bir sabab, yo‘lovchilar o‘rtasidagi tortishuvlar. Aksariyat keksa yo‘lovchilar salomatligi tufayli konditsionerni ishlatilmasligini so‘raydi. Bu yaqinda juda katta tortishuvga ham sabab bo‘ldi. Bizga berilgan reglamentga ko‘ra, havo harorati 30 gradusdan oshganda, haydovchi konditsionerni yoqishi shart. Yoqmaganida yo‘lovchi ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin. O‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, ba'zi haydovchilar yoqilg‘ini tejash maqsadida ham, havo sovituvchi moslamani yoqmagani ma'lum bo‘ldi. Lekin muammo bartaraf etilib, ularga alohida qo‘shimcha yoqilg‘i berilishi yo‘lga qo‘yildi», — deydi «Toshshahartransxizmat» axborot xizmati boshlig‘i Ravshan Yoqubjonov.

Yo‘lovchilar o‘rtasida ba'zi tushunmovchiliklar mavjud. Masalan, yangi rusumdagi ko‘rinishga ega bo‘lgan avtobuslarning barchasida ham konditsionerlar mavjud emas. Avtobuslar ikki bosqichda keltirilgan. 2017 yil keltirilgan MAN rusumli avtobuslarda konditsionerlar yo‘q. Ikkinchi bosqichda keltirilgan avtobuslarning barchasiga o‘rnatilgan. Bundan keyin keltiriladigan avtobuslarda ham bo‘ladi.

Suratda birinchi turgan MAN rusumli avtobus va u konditsioner bilan jihozlanmagan. Ikkinchi bo‘lib turgan avtobus esa, 2019 yil boshida keltirilgan konditsioner bilan jihozlangan avtobus.

Bu o‘rta sig‘imli Saz Le 60 rusumidagi konditsionerli avtobus.

Ma'lumot uchun, 93, 17, 24, 38, 101, 94, 131, 88 yo‘nalishidagi MAN rusumli avtobuslar va 13t, 9t,  83, 149, 84, 18, 67, 62, 64 o‘rta sig‘imli Saz Le 60 rusumidagi avtobuslar konditsioner bilan jihozlangan.

Ozoda VALIYeVA

Mavzuga oid
Top