17:08 / 27.07.2019
41260

«Axir bu vahshiylik-ku?». Ruslanbek Davletov snos mojarolari haqida

Adliya vazirligining navbatdagi kengaytirilgan hay'at majlisi bo‘lib o‘tdi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligidagi majlis  adliya organlari va muassasalari tomonidan qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash sohasida 2019 yilning I yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, davlatimiz rahbari tomonidan adliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan qator farmon va qarorlarining hisobot davridagi ijrosi, vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarning amalda ta'minlanayotganlik darajasini o‘rganishga qaratildi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda adliya organlari va muassasalarining barcha darajadagi rahbar va mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan bo‘lgan joylarda uy-joylar buzilishlariga e'tiborni qaratdi. Bu masalani har bir adliya organi xodimi alohida ustuvor vazifa sifatida o‘ziga belgilab olishi zarurligi ta'kidlandi.

Ruslanbek Davletov
Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Adliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, Adliya tizimi bu muammoni ko‘lami bugungi kundagidek bo‘lishidan 3 oy oldin o‘z tahlillarini va choralarini boshlagan edi. Xususan, 2019 yilning  may-iyun oylarida ko‘chmas mulk huquqini himoya qilish bo‘yicha aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda 874 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. 

Natijada mulkdorlarning manfaatlarida 236 ta taqdimnoma, 100 ta ogohlantirishnoma, sudlarga 360 ta da'vo arizalar kiritilib, 30,3 mlrd so‘m undirib berildi. Bu natijalar albatta xamir uchidan patir yoki dengizdan bir tomchidek gap.

Majlisda butun tizimdagi xodimlar mazkur masalaga jiddiy yondashish, bu boradagi qonunbuzilishlarga qarshi chora ko‘rish,  Davlat rahbarining qonun ustuvorligini ta'minlash yuzasidan berilgan topshirig‘ini amalga oshirish har bir adliya organining eng asosiy vazifasi ekanligi tushuntirildi.

Shuningdek, Ruslanbek Davletov “Mulk daxlsizligini ta'minlamasdan iqtisodiy rivojlangan davlatning o‘zi yo‘q butun dunyoda. Bu esa bizning qonunlarimizda bitilgan eng oliy normalardan biridir va barcha munosabatlar to‘laligicha tartibga solingan. Lekin amalda, ushbu tartib va qoidalar mutasaddilarning esidan chiqib ketdi. Natijada, uy-joy masalasida qonun ustuvorligiga jiddiy putur yetdi. Bu nima degan gap? Odamlarni uyini buzib, ko‘chaga chiqarib qo‘yib kompensatsiya to‘lamaslik, axir bu vahshiylik-ku. Bu hech qanday qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydi, bu hech bir odamiylik tamoyiliga ham to‘g‘ri kelmaydi, bu O‘zbekiston tan olgan xalqaro hujjatlarga ham to‘g‘ri kelmaydi!” deya  o‘z fikrlarini bildirdi. 

U amaldagi holatlar bo‘yicha so‘zini quyidagicha davom ettirdi:

“Hamma shaharlar yangidan quriladi, eskisi buziladi, obodonlashadi, bu tabiiy jarayon, barcha jamiyatlarga xos bo‘lgan holat. Lekin, XXI asrda yashayotgan tsivilizatsion jamiyat sifatida barcha harakatlar uchun QONUN eng asosiy mezon bo‘lishi kerak, odamlar huquqlarini poymol qilish evaziga, qonunni buzish evaziga hech qanday qurilish yoki obodonlashtirish bo‘lishi mumkin emas.

Shuning uchun, biz – adliya xodimlarining birinchi darajadagi vazifasi bu boradagi qonunbuzilishlarning oldini olishdir.

Uy buzilishi qanday og‘ir masala ekanligini, har bir xodim o‘zini yuragidan o‘tkazishi kerak, ya'ni oddiygina o‘zlaringni shu insonlarni, ularning farzandlarini o‘rniga qo‘yib ko‘ringlar, boshqa hech narsa kerak emas.

Keyin yana bitta jihatni e'tiborga olinglar, gap faqat moddiy boylik bo‘lmish imoratda emas, uy-joy bilan insonlarning shu uy bilan bog‘liq xotiralari ham o‘chiriladi. Tug‘ilib o‘sgan joy, yoshlikda o‘ynab kulib yurgan hovli, bolalikdagi xotiralar, kerak bo‘lsa har bir xonadonning hidi inson uchun qadrli, ko‘p uylar avloddan avlodga o‘tib kelyapti, bu yuksak shaxsiy nomoddiy boylik va inson hayotidagi ajralmas xotiralardir”.

Amaliyotdagi muammolardan, bildirilgan fikr mulohazalardan kelib chiqib adliya vaziri adliya organlari xodimlari oldida turgan muhim vazifalar alohida to‘xtalib, quyidagilarni bildirdi:

– barcha mahalliy hokimliklarni fuqarolarni uy-joy bilan bog‘liq qonuniy huquqlarini poymol etishlarga chek qo‘yishlari talab qilinadi;

– butun adliya tizimi rahbarlari, mutasaddilari va xodimlarini o‘z vakolatlaridan to‘liq foydalangan holda, uy-joylar buzilishi jarayonida O‘zbekiston qonunlariga amal qilish yuzasidan choralar ko‘rishga chaqiriladi.

Top