09:15 / 27.07.2019
7361

Yilning birinchi yarmida xotin-qizlar majburiy mehnatning turli shakllariga jalb etilganligi aniqlangan

2019 yil 26 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining davlat organlari tomonidan gender tenglik buzilishiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish holati muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, o‘rganishlar mazkur yo‘nalishda ayrim kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan, amaldagi qonunchilikka muvofiq mehnat munosabatlarida gender tenglik belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, mehnat bozorida xotin-qizlar munosib o‘rin egallashi uchun ishga solinmagan imkoniyatlar saqlanib qolmoqda. Xususan, ayrim sohalarda ayollar ishtiroki juda kamligicha qolmoqda. Transport, qurilish, sanoat kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.

O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ishga qabul qilishda gender nuqtai nazardan 274 ta qonunbuzilarlik holati aniqlangan, ular asosan oliy va o‘rta maxsus ta'lim sohasi, xalq ta'limi, sog‘liqni saqlash tizimi va boshqa sohalarga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan tashqari, xotin-qizlarning mehnatini muhofaza qilish yo‘nalishida ish haqi to‘lash bo‘yicha ayollarning kamsitilishiga oid qonunbuzilarlik holatlari aniqlangan.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida xotin-qizlar majburiy mehnatning turli shakllariga jalb etilganligi aniqlangan bo‘lib,  bunday holatlar oliy va o‘rta maxsus ta'lim sohasida, xalq ta'limida, sog‘liqni saqlash tizimida, qishloq xo‘jaligida va boshqa sohalarda qayd etilgan.

Majlisda senatorlar mehnat bozorida ayrim gender nomutanosibliklarni bartaraf etish maqsadida davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy ijro hokimiyatlarining boshqaruv xodimlari tarkibida ayollar uchun kamida 30 foiz miqdorida kvota belgilash, shuningdek chet el tajribasini inobatga olgan holda, kasblarni ayollar va erkaklar kasblariga bo‘lishning eski tushunchalarini bartaraf etishga qaratilgan maqsadli tashviqot ishlarini aholi o‘rtasida tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Top