22:02 / 28.07.2019
23795
Ko‘chmas mulkni turar-joy qurish uchun buzish davlat va jamiyat ehtiyojiga kirmaydi -  deputat

Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida yangi turar-joy qurish, ko‘chalarni obodonlashtirish vajlari bilan ikki qavatli uy-joylarni buzish rejalashtirilmoqda. Aholi esa hokimiyat va qurilish kompaniyasi bilan yetarli muloqot bo‘lmayotganidan norozi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, Adliya vazirligi mas'ul xodimi hamda OAV vakillari ishtirokida o‘tgan ochiq suhbatda aholi vakillari buzish ishlariga qarshi emasligi, ammo belgilangan tartibda buzish ishlarini boshlash uchun hokimiyat yo qurilish kompaniyasi vakillari muloqotni boshlamaganidan noroziligini aytishdi. 

Mahalliy aholi vakillaridan biri hokimiyat bilan kelishuv tuzib, uni imzolagani, ammo bu hujjat huquqiy kuchga ega yoki yo‘qligi borasida ma'lumotga ega emasligini aytgan. Rasul Kusherbayev saylovchilarga o‘z huquq va majburiyatlarini eslatib, davlat rahbari tomonidan imzolangan qonun va farmonlar mazmunini aholiga yetkazdi.  

Prezident farmoniga muvofiq, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishga faqat quyidagi maqsadlarda yo‘l qo‘yilishi belgilangan: 

—  mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;

—  xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

—  foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;

—  avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika tizimi obektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);

—  aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan obektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Hukumat qaroriga ko‘ra,  turar-joy qurmoqchi bo‘lgan tomon mulk egasi bilan kelishib, mulk egasi ixtiyoriy rozi bo‘lganda taqdirdagina mulk buzilishi mumkin. 

Aholi muhokama so‘ngida kompensatsiyani belgilash yoxud boshpana ajratish shartlarini qayta ko‘rib chiqishga kelishishdi. Biz masalani kuzatamiz.

Alisher Ro‘zioxunov

Top