12:35 / 29.07.2019
3926

Minskda O‘zbekiston - Belarus hududlari forumi ish boshlaydi

Hududlar forumi Belarus poytaxti Minsk shahrida ikki kun, 29-30 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati.

Unda ikki mamlakat hududlari, vazirliklari va idoralari vakillari, parlament a'zolari, tadbirkorlik doiralari ishtirok etadi. Forumda O‘zbekiston delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev rahbarlik qiladi.

Davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishning muhim omili sifatida hududlar hamkorligi Forumning asosiy mavzusi bo‘ladi.

Tadbirda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini yangilash masalalarini, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish, tovar o‘tkazish tarmog‘ini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va ta'lim sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Forum doirasida quyidagi uchta seksiya ish olib boradi: agrosanoat kompleksi va oziq-ovqat xavfsizligi, sanoat kooperatsiyasi, gumanitar sohada, axborot texnologiyalari va ilm-fan sohasida o‘zaro hamkorlik.

Tadbirda qator mintaqalararo bitimlar va tijorat kontraktlari imzolash rejalashtirilmoqda.

Forum mehmonlari va ishtirokchilari O‘zbekiston tovarlari ko‘rgazma-yarmarkasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil sentabr oyida Toshkentda Ishbilarmonlik va hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Belarus hududlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun poydevor qo‘yildi. Bunday forumlar o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati delegatsiyasining 2018 yil yozida Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida erishilgan edi.

Bundan oldin, Shavkat Mirziyoyev 31 iyul kuni Belarusga tashrif buyurishi xabar qilingandi.

Top