15:02 / 29.07.2019
61481
Toshkentda «Damas» haydovchisi YPX xodimlaridan qochdi. IIBB rasmiy ma'lumot bilan chiqdi
Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri ko‘chalarida YPX mashinasi va «Damas» avtoulovi ishtirokidagi holat tasvirlangan video tarqaldi. 

Poytaxtning Olmazor tumani, Kichik halqa yo‘li, Sag‘bon chorrahasida yuz bergan hodisa aks etgan lavhada YPX xodimlari «Damas»ni to‘xtovsiz ta'qib qilishayotganini ko‘rish mumkin. Xodimlar har qancha urinmasin, «Damas» haydovchisi tutqich bermagan. Video oxirida xodimlardan birining mashinadan tushib, «Damas»ni quvlab ketgani ko‘ringan.

Toshkent shahar IIBB ma'lumotiga ko‘ra, voqea 28 iyul kuni soat taxminan 17:00da yuqorida ko‘rsatilgan manzilda yuz bergan. «Damas» haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan. U YPX inspektorining to‘xtash haqidagi talabini e'tiborsiz qoldirgan, so‘ng ichki ishlar organi xodimi belgilangan tartibga asosan uni ta'qib qila boshlagan. 

Bildirilishicha, YPX xodimi o‘zining bevosita rahbari ko‘rsatmasiga ko‘ra, boshqa fuqarolar hayotini xavf ostiga qo‘ymaslik maqsadida «Damas»ni ta'qib qilishdan to‘xtagan. Biroq, haydovchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzib, boshqa odamlar xavfsizligiga tahdid solib, Kichik halqa yo‘li va Sag‘bon ko‘chasi chorrahasidan yashiringan.

O‘z navbatida, IIV yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilyapti. 

Qayd etilishicha, «Damas» haydovchisi yashiringan, uni o‘z yashash xonadonidan ham topishning imkoni bo‘lmagan. Ayni vaqtda tezkor harakatlar davom ettirilmoqda. 

Top