13:50 / 30.07.2019
39505
Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pulli yo‘llari bo‘yicha ma'lumot berildi

Bugun, 30 iyul kuni Axborot va Ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan 2019 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yil I yarim yilligi mobaynida O‘zbekiston Respublikasi «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. DXSh sohasiga huquqiy oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi va Adliya vazirligiga kiritildi.

DXSh loyihalarini amalga oshiradigan me'yoriy-huquqiy hujjatlar ro‘yxati (prezidentning 24ta farmoni, 65ta qarori va Vazirlar Mahkamasining 43ta qarori inventarizatsiya qilindi). Natijada, prezidentning 3 farmoniga, 5ta qaroriga va Vazirlar Mahkamasining 8ta qaroriga o‘zgartirishlar kiritish taklif qilindi.

2019 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 15ta loyiha tasdiqlangan. Bu elektr energiyasini ishlab chiqarish, transport sohasi (aeroport, yo‘llar va h.k.), ijtimoiy soha (sog‘liqni saqlash, ta'lim va maktabgacha ta'lim, sport), telekommunikatsiya, kommunal xo‘jalik (suv ta'minoti, kanalizatsiya, issiqlik, qattiq chiqindilar), qishloq va suv xo‘jaligi, turizm sohalari hisoblanadi. Hozirgi kunda Agentlik tomonidan mutassadi vazirlik va idoralar bilan birgalikda qiymati 10 mlrd AQSh dollardan ko‘p bo‘lgan 17ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, quyosh, shamol energetikasi, Bug‘gaz qurilmalarini o‘rnatish, Toshkent xalqaro aeroporti va viloyatlardagi aeroportlarni DXSh asosida modernizatsiya qilish, Toshkent-Andijon, Toshkent-Samarqand avtomobil yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish, Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlarida suv ta'minoti hamda kanalizatsiya tizimlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda sterilizatsiya markazlarini qurish, ijtimoiy dorixonalar, reabilitatsiya markazlari, onkologiya markazlari va markaziy laboratoriyalarni barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidandir.

Muxbirning «Toshkent-Andijon, Toshkent-Samarqand avtomobil yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha anchadan buyon xabarlar beriladi. Bugungi kunda loyihaga kirishishning aniq muddatlari va investorlar haqida ma'lumotlar bormi?» degan savoliga agentlik direktori G‘olib Xoljigitov javob berdi.

«Toshkent-Andijon yo‘nalishida pulli yo‘l qurish loyihasi Jahon banki granti asosida o‘rganilyapti. Ayni paytda birlamchi izlanishlar ketmoqda, yil yakuniga borib yakuniy xulosa hukumatga taqdim etiladi.

Toshkent-Samarqand avtomobil yo‘lini qurish loyihasi esa Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilmoqda. Bu loyiha ham joriy yil oxirigacha taqdim etiladi. Bir narsani ta'kidlashim kerak – pulli yo‘llar qurilgan taqdirda ham bepul yo‘llar qoladi va ularni saqlab turish, ta'mirlash ishlari susaytirilmaydi.

Pulli yo‘llar esa hududlararo iqtisodni rivojlantirishga xizmat qilish orqali davlatga foyda keltirsa, yo‘lovchilar va haydovchilarga vaqtni, yoqilg‘ini tejash imkoniyatini beradi. Bu yo‘llarda to‘lov tizimi haqida gapirishga hali erta», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top