18:47 / 30.07.2019
15066
Ukraina sudi Rossiya tankerini hibsga olish to‘g‘risida hukm chiqardi
Foto: SBU

Ukrainada Rossiyaning Nika Spirit tankeri tintuv vaqtida musodara qilingan hujjatlar bilan birga hibsga olindi. Bu haqda mamlakat bosh harbiy prokurori Anatoliy Matios ma'lum qildi.

"Biz buni amalga oshirdik. Nuqta!" — deb yozdi u o‘zining Facebook sahifasida.

Uning ta'kidlashicha, Ukraina qonunchiligida mamlakat hududida bo‘lgan dengiz yoki daryo transportida tergov harakatlari o‘tkazish uchun konsul yoki diplomatik muassasa vakilidan ruxsat olish ko‘zda tutilmagan.

Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlari Nika Spirit tankerini 25 iyul kuni Izmail portida ushlagandi. Kiyevning ta'kidlashicha, tanker ilgari Neyma deb nomlangan va Kerch bo‘g‘ozida Ukraina kemalari yo‘lini to‘sishda ishtirok etgan.

Tankerda tintuv o‘tkazilib, uning bortidagi hujjatlar musodara qilingan. Kema ekipaji so‘roq qilinganidan so‘ng Rossiyaga qaytgan.

Top