18:00 / 31.07.2019
16078

Alisher Qodirov qanday qilib bir vaqtda ham siyosiy partiya, ham Ma'naviyat va ma'rifat markazida rahbar ekaniga izoh berdi

Bugun, 31 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbar xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda tashkilot rahbari Alisher Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi «Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori mazmun-mohiyati va ijrosi yuzasidan ma'lumot berdi, shuningdek, OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytardi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz sayti muxbiri Alisher Qodirovdan hokimiyat uchun kurashuvchi siyosiy partiya («Milliy tiklanish» demokratik partiyasi) yetakchisi sifatida qanday qilib mazkur tashkilotda ham ish olib borayotgani, bu siyosiy jihatdan qanchalik to‘g‘riligi, shuningdek, ish jarayoniga xalaqit berish–bermasligi haqida so‘ragan.

«Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markaziga jamoatchilik asosida rahbar bo‘lib tayinlangan paytimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati ham edim. Keyinchalik markazdagi faoliyatimdan kelib chiqib, partiya kengashi men shu partiyaga rahbar sifatida qo‘yilishimni ma'qul ko‘rishdi. Nega? Chunki, Ma'naviyat va ma'rifat markazida olib borilayotgan ishlar partiya g‘oyalari bilan hamohang, bir-biriga juda o‘xshash. Men hozir sizga hamma sirlarni ochmoqchi emasman, lekin xohlardimki, markazdagi faoliyatim partiya faoliyatiga yordam bersin. 
Biz markazda ishlab chiqqan loyihalarimizni partiya orqali jamiyatga targ‘ib qilmoqchimiz. Masalan, tarbiya borasidagi g‘oyalarimizni jamiyatga bersak biror narsa yutqazamizmi? 
Siz siyosiy tahlilchi sifatida urg‘uni to‘g‘ri qo‘ymoqdasiz, lekin hozirgi sharoitda Ma'naviyat va ma'rifat markazida ham ishlashim partiyaga foyda beryapti, jamiyat uchun esa zarar bermayapti».

Qodirov shuningdek, bu masalada boshqa partiyalardan e'tiroz bo‘lmayaptimi, mazmunidagi savolga ham javob qaytargan.

«Hozir birorta partiya bizning ma'naviy-ma'rifiy masalalarni ko‘tarib chiqayotganimizga qarshi emas. Hatto biz hozir ayrim partiyalar elektoratiga da'vogarlik qilishni boshladik. Masalan, bizdagi bir partiya o‘qituvchilarni o‘z elektorati sifatida ko‘radi. Qanday qilib o‘qituvchilar u partiyaning elektorati bo‘lishi mumkin? Pedagoglarning shu paytgacha bo‘lgan muammolari biror marta ko‘tarilmagan. Biz bu masalani ko‘tardik. Biz o‘qituvchilarni bizning elektorat deb hisoblaymiz», deydi Alisher Qodirov.

Top