09:49 / 01.08.2019
12267

Ekspert: “O‘zbekistonda poligonlar yo‘q, chiqindi uyumlari bor xolos”

"O‘zbekistonda chiqindi poligonlari mavjud emas. Shunchaki yig‘ib qo‘yilgan chiqindi uyumlari bor xolos", - deydi "Aykan invest" konsalting kompaniyasi rahbari, mustaqil ekspert Gulchehra Nasirlayeva. Ekspert O‘zbekistonda chiqindini utilizatsiya qilish tizimining qoniqarsiz ahvoldaligi, mavjud poligonlar talabga javob bermasligi xususida o‘z fikrlarini Kun.uz'ga bayon qildi.

Gulchehra Nasirlayeva

─ O‘zbekiston utilizatsiya tizimi borasida jahon standartlariga yetishiga hali ancha bor. Poligon belgilangan tartibda o‘rab olingan bo‘lishi, tarozilar o‘rnatilishi, chiqindini utilizatsiya qilish tizimi, yerosti suvlarining holatini aniqlash bo‘yicha filtratsiya tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Lekin hududlardagi chiqindi poligonlari mutlaqo talabga javob bermaydi. Ular juda ham yomon ahvolda. Poligon uchun belgilangan sanitar me'yorlar mavjud, har qanday chiqindixonani ham poligon deb aytish to‘g‘ri emas. Bizdagilar esa shunchaki chiqindi uyumi xolos. Ming afsuski, ular turli kasalliklarni tarqatuvchi manba bo‘lib xizmat qilmoqda, — deydi u.

Gulchehra Nasirlayevaga ko‘ra, chiqindiga nafaqat ekologik muammo sifatida yondashish, balki ulardan tijoriy maqsadlarda ham foydalanish mumkin.

— Hozirda maishiy chiqindilar tarkibida chirimaydigan chiqindilar hissasi ortib boryapti. Chirimaydigan chiqindilar atrof-muhitni zararlaydi, o‘zidan metan gazini chiqaradi. Bu esa, o‘z navbatida, iqlim o‘zgarishlariga turtki beradi. Boshqa tomondan, bu chiqindilarga tijoriy nuqtai nazardan ham yondashish, uni qayta ishlab, sotish ham mumkin. Davlat, xususan, ekologiya qo‘mitasi bu yo‘nalishga ko‘proq xususiy sektor vakillarini jalb qilishi lozim.

Germaniyada plastik va shisha idishlarni qabul qilib oladigan avtomatlar mavjud. Ular olgan baklajkasi evaziga belgilangan miqdorda chek beradi. Bu chek orqali do‘konlarda o‘sha qiymatda xaridni amalga oshirishingiz mumkin. Bizning aholimiz uchun ham shunga o‘xshash xizmatlar yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chiqindi utilizatsiyasi foydali yo‘nalishga aylanib ulgurgan. Xususiy korxonalar utilizatsiya bilan shug‘ullanib, qanday foyda olishi, bu faoliyatni boshlash uchun qanday imtiyozlarga ega bo‘lishini bilsa, utilizatsiya masalasini hal etishda hukumatga yordam berishi mumkin.

“2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi" qabul qilingan bo‘lib, unda chiqindini yig‘ib olish, saralash, qayta ishlash yo‘nalishida vazifalar belgilangan.

Ekspertning fikricha, strategiyada muhim vazifalar ko‘rsatilgan, lekin ularni bajarish bo‘yicha aniq mexanizmlar mavjud emas.

— Maqsadlar bor, vazifalar belgilangan, faqat ularni bajarish bosqichiga kelganda muammo tug‘iladi. Bunday muammolar eng quyi bo‘g‘indan tortib, idora va vazirliklar darajasida ham uchraydi. Zararli chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha juda ko‘p gapiriladi. Ammo katta zarar manbai bo‘lgan elektr chiqindilar, misol uchun, batareykalarni yig‘ib olishning aniq mexanizmi mavjud emas. Batareykalarni kundalik hayotimizda juda ko‘p ishlatamiz. Ular O‘zbekiston hududiga ko‘p olib kiriladi. Batareykaning har bir donasi tuproqqa katta zarar keltiradi, u o‘zida og‘ir metallarni saqlaydi. Bu mavzu ko‘p ko‘tarilgan, uni hal qilish kerakligini hamma biladi. Lekin aynan qanday hal qilish bo‘yicha mexanizm yo‘q. Hal qiluvchi vositalarni to‘g‘ri tatbiq qilishni yo‘lga qo‘yish kerak, balki buning uchun xorijiy ekspertlarni jalb qilish kerakdir. Strategiyada juda foydali punktlar keltirilgan. Lekin bu ishlarni qanday, qay yo‘nalishda amalga oshirishni o‘ylab ko‘rish kerak, − deydi u.  

Mavzuga oid
Top