19:36 / 01.08.2019
19339
Elmira Bositxonova jinoyatga moyil ayollar ro‘yxati bo‘yicha bayonot berdi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova jamoatchilikka murojaat bilan chiqib, Toshkentda huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish maqsadida ayollarning 23ta toifa bo‘yicha kartotekalarini shakllantirish masalasiga aloqador emasligini bildirdi.

«O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida xotin-qizlarni tasniflaydigan, toifaga ajratadigan ro‘yxatni shakllantirishga qat'iyan qarshiman», – deyiladi Bositxonovaning rasmiy bildirishida.

U mazkur ro‘yxatning tuzilishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta'kidlab, jamoatchilikdan o‘z sha'niga aytilayotgan haqoratlarni to‘xtatishni so‘ragan.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama va qochirimlarga sabab bo‘lgan yangilik – poytaxtdagi har bir mahallada xotin-qizlarning 23ta toifa bo‘yicha kartotekalari shakllantirilishi bo‘ldi. Shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova raisligida bir hafta davomida 10ta tumanda o‘tkazilgan majlislarda shunday vazifa qo‘yilgan.

Toshkent hokimligi, shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi va shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ayollar o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish chorasi o‘laroq 27 iyul kuni ana shunday qarorga kelgan. Qo‘shma qaror poytaxt hokimi tomonidan tasdiqlangan.

Ro‘yxatda quyidagi toifa ayollar «huquqbuzarlikka moyil» deya malakalangan:

  • Ilgari sudlanganlar;
  • Jinoyat sodir etishda aybdor deb topilganlar;
  • Shartli jazo muddatini o‘tayotganlar;
  • Giyohvandlar;
  • Alkogolga ruju qo‘yganlar;
  • Ruhiy kasallar;
  • Jinoyat qilishga moyillar;
  • Uyida uzoq vaqt bo‘lmaganlar;
  • Uzoq vaqtdan so‘ng vatanga qaytganlar;
  • Ruhiy madadga muhtojlar;
  • Bolalar tarbiyasiga salbiy ta'sir qiluvchilar;
  • G‘ayriaxloqiy jinoyat sodir etganlar;
  • Notinch oilalardagi ayollar;
  • Ichki ishlar organlarida ro‘yxatda turuvchi ayollar;
  • O‘z joniga qasd qilishga moyillar;
  • Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar;
  • Ishsiz ayollar;
  • Kambag‘allar;
  • Toshkentda vaqtincha yashovchilar;
  • Ro‘yxatdan o‘tmay yashovchi ayollar;
  • Tilanchi ayollar;
  • Balog‘atga yetmagan (18 yoshgacha) va yosh (18-30 yosh) qizlar;
  • Nogiron, ajrashgan, bolasini yolg‘iz katta qilayotgan, boquvchisini yo‘qotgan ayollar.

20-27 iyul kunlari Toshkent tumanlarida o‘tkazilgan yig‘ilishlar asosida, shuningdek, tuman hokimliklari huzurida tezkor shtablar tuzilgan; tuman IIB sohaviy xizmat xodimlari va Xotin-qizlar qo‘mitasining jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ishlovchi mutaxassislaridan iborat Ishchi guruhlar tashkil etiladigan bo‘lgan.

Top