11:30 / 01.08.2019
23816
O‘zbekiston bosh vaziri Qirg‘iziston prezidenti bilan uchrashdi
Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov 2019 yil 1 avgust kuni Bishkek shahrida Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

O‘zbekiston hukumati rahbari Qirg‘iziston Respublikasi prezidentiga qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, fan-texnika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik yildan yilga rivojlanib borayotgani ta'kidlandi.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 446,5 million dollarni tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 marta oshgani qayd etildi.

– Yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniga egamiz – dedi Abdulla Aripov. – Buning uchun mamlakatlarimizda yetarli salohiyat mavjud.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Top