21:00 / 01.08.2019
16117

O‘zbekistonga kiritilayotgan xorijiy investitsiya hajmi ma'lum qilindi

Bugun, 1 avgust kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mutasaddilari ishtirokida respublikaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, investorlar manfaatini himoya qilishda qilinayotgan ishlar borasida brifing o‘tkazildi.

Anjumanda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i Zafar Xo‘jayev mamlakatga kiritilayotgan investitsiya hajmi bo‘yicha ma'lumot berdi.

«2019 yilning dastlabki olti oyida umumiy investitsiyalarning umumiy hajmi 101 trln so‘mni tashkil etdi. Xorijiy investitsiya ulushi 5,6 mlrd AQSh dollariga tenglashdi. 2,1 mlrd AQSh dollari davlat kafolati asosidagi, qolgan 3,5 mlrd AQSh dollari esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisoblanadi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 4,3 baravarga oshdi. O‘tgan yil davomida 2,8 mlrd AQSh dollari o‘zlashtirildi. Ayni vaqtda chet el investorlari qurilish, to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, elektrotexnika, metallurgiya sohasiga ko‘proq sarmoya kiritishyapti. 2018 yilgacha neft-gaz yo‘nalishi ustunlik qilgan. Hozir uning darajasi 73 foizdan 35 foizga tushdi. Bu degani qolgan sohalarga ham investitsiya kirib kela boshlayapti», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Xo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, respublikaga investitsiya asosan Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya va BAAdan kirib kelmoqda. Shuningdek, ta'kidlanishicha, investitsiya miqdorining YaIMdagi ulushi sezilarli oshgan. 2018 yili umumiy investitsiyaning YaIMdagi ulushi 32 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yil birinchi yarim yilligida 47 foizga yetdi. Bundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya ulushi 14 foizni tashkil etdi. 

Mavzuga oid
Top