15:51 / 02.08.2019
34354

Qaysi hollarda «tez yordam» haydovchisi jarimaga tortilmasligi belgilab qo‘yildi

2019 yil 2 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 17-1-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. 

Amaldagi qonunlarga muvofiq, tez tibbiy yordam avtomashinalari haydovchilari o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda, vaziyat taqozosiga ko‘ra shoshilayotganda belgilangan tezlikni oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmasdan o‘tish va boshqa hollarda foto radarga tushganda javobgarlikka tortilayotgani aniqlangan.

Ushbu qonun loyihasi bilan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tezkor va maxsus xizmat transport vositalari hamda ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarliklar qayd etilgan hollarda haydovchilarning kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda ma'muriy ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi. 

Shuningdek, tez tibbiy yordam avtomashinalari bilan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq amaliyotdagi ayrim muammoli holatlar bartaraf etiladi.

Top