15:59 / 03.08.2019
10065

«Ixtisoslashgan bog‘chalarga qatnaydiganlarning atigi 25 foizi haqiqatan ham ehtiyojmand bolalar» - Shin

Foto: KUN.UZ

“Respublika bo‘yicha 178ta ixtisoslashgan, aqliy yoki jismoniy jihatdan imkoniyati cheklangan bolalar uchun bog‘chalar mavjud. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bunday bog‘chalarga qatnaydiganlarning atigi 25 foizi haqiqatan ham ehtiyojmand bolalar. Qolganlari soppa-sog‘.  Chunki ixtisoslashgan bog‘chalarda bir qator imtiyozlar bor, ular bepul. Haqiqatan nogiron bolalar esa navbat kutib qolib ketyapti”. Bu haqida maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin 2 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma'lum qildi.

“Ixtisoslashgan MTMni takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Bunday bog‘chalarga haqiqatan ham ehtiyoji borlar borishi kerak. Sog‘lom bolalar joyni egallab olgani hisobiga ular navbat kutib qolyapti. Yana bir jihat. Bolani ixtisoslashgan bog‘chada alohida parvarish qilib, muolajalar o‘tkazgandan keyin ijtimoiy moslashtirish uchun oddiy bog‘chaga o‘tkazish kerak bo‘ladi. Lekin buning uchun u yana navbat kutib qoladi. Natijada qilingan muolajalar bu vaqt oralig‘ida o‘z kuchini yo‘qotadi. Shu bois ko‘p profilli maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Unda bola tibbiy-pedagogik-psixologik komissiya tekshiruvidan o‘tkazilib, qabul qilinadi. Bunday MTMlarda alohida guruhlarda reabilitatsiya muolajalarini olgan bola ahvoli yaxshilangach, avtomatik tarzda oddiy guruhga o‘tkaziladi”, ─ deydi Agrippina Shin.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, inklyuziv ta'limga asoslangan, o‘z reabilitatsion markaziga ega MTMlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Shulardan biri Nukusdagi “Imkon” maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘lib, Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi bilan hamkorlikda Qibray tumani, Qashqadaryo viloyatida ham shunday bog‘chalar ochilishi kutilmoqda.

Top