12:10 / 04.08.2019
214398
«Buzishdan avval sen o‘z boshingni buz». Prezident hokimlarga qanday tanbeh bergandi? (Eksklyuziv video)

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektorda Farg‘ona, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hokimlari Shuhrat G‘aniyev, Farhod Ermanov va Zafar Ro‘ziyevni qattiq tanqid qilgandi. Prezident hokimlarga «Obod qishloq» dasturi amalga oshirilishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun tanbeh bergan va ulardan buzilish ishlaridan jabr chekkan aholi vakillaridan uzr so‘rashni talab qilgandi. Kun.uz ixtiyoriga o‘sha videoselektordan videoyozuv kelib tushdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

 

Prezident dastlab Xorazm viloyatida ro‘y bergan voqealarga to‘xtalib, viloyat hokimi Farhod Ermanovni o‘ziga dushmanlik qilishda ayblaydi.

«Mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri — Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov. Ermanovga internetdagi izohlardan senga va senga o‘xshagan noinsoflaringga «tabrik» jo‘nataman.

Sen va mening siyosatim to‘g‘risidagi bugun chiqqan izohlarni o‘qi. Sen noinsof menga do‘st bo‘lsang, buzish qo‘lingdan kelmas ekan, nima qilasan u yerni buzib? Mana, izohlarni o‘qi.

Atrofingda o‘tirgan odamlaring bilan mana menga qilgan dushmanliklaring. Buzishdan oldin kallang bilan o‘ylab ko‘rmaysanmi, buzgandan foyda bormi yoki yo‘q? 

Bularni o‘qib men qanday kabinetimda tinch o‘tira olaman?» — degan prezident.

«Yakkabog‘ voqealari»ga to‘xtalib o‘tgan prezident Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyevga ham tanbeh bergan.

«Qashqadaryoning vallomati bor, Ro‘ziyev degan, 5 yil qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan noinsof. DXX rahbari borganidan so‘ng chiqqan izohlarni o‘qi. Bitta jinning qarindoshi bilan janjal qilib, mening siyosatimni butun dunyoga sharmanda qildi. O‘zimni tumanim, u qilaman, bu qilaman, deysan. Bitta tuzukroq kadring yo‘q, yana Dehqonobodga tirmashasan. Mana, menga qilgan «do‘stliging». O‘zbekistondagi hozirgi oshkoralik, shaffoflikni ta'minlay, deb kechayu-kunduz yuritayotgan siyosatimga atrofingdagilar bilan qilgan «do‘stliging».

Qo‘lingdan kelmas ekan, nima qilasan bir odamning tuppa-tuzuk turgan uyini buzib? Sen xulosa qil, uyingni birov kelib buzsa [nima qilasan]?

Noinsoflar, men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim? Men sizlarga avvalo odamlarni rozi qilib, keyin janob Zokirov degan vazir bilan o‘tirib, loyiha qilib, bosh vazirga hisobot berib, keyin qilinglar, deb topshiriq berganman.

Mana, sening «do‘stliging», janob Ro‘ziyev! O‘zingni o‘sha tumanga hokim qilib yuboraman, aytib qo‘yay!» — deya Yakkabog‘da bo‘lib o‘tgan voqealarga o‘z munosabatini bildirgan prezident.

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida amalga oshirilgan keng qamrovli buzilish ishlariga to‘xtalgan.

«Mana, internet foydalanuvchilarining Rishton tumanidagi ko‘chmas mulk buzilishlariga nisbatan izohlari. Men sizlarga tayyor pul beryapman, pulni «Obod qishloq» qilinglar, deb beryapman. Mana, sening menga «do‘stliging», G‘aniyev degan vallomat!

Mana, odamlar izohlarda yig‘layapti, sening rasming yo‘q, prezidentning rasmi bor. Sen noinsof borib, Ermanovga o‘xshab ahmoqlarcha «buza, buz» deysan. Buzishdan avval sen o‘z boshingni buz. Men seni shuning uchun tarbiya qilib yuruvdimmi? Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib, butun O‘zbekistonni [sharmanda qilyapsizlar].

Bolalar mehnati bor edi, endi u yo‘q bo‘ldi, endi butun internet prezident topshiriq bergan, buzish, odamlarni norizo qilish bilan to‘lib toshdi.

Ey noinsof, Rishton bo‘yicha ham senga pul berib aytdimki, Rishtonni yangilash kerak, biroq odamlarni rozi qilib qilish kerak, deb. Janob G‘aniyev, tajribali hokim! Mayli, Ermanov kecha kelgan hokim, Ro‘ziyev ikkalang xiyonatchisan! Sizlar bilan katta-katta ishlarni amalga oshira olamizmi? Hech qachon oshira olmaymiz! Chunki sizlarga bir topshiriq berishga odam qo‘rqadi! Nega desangiz, saviyang yo‘q, biliming yo‘q, kitob ham o‘qimaysan, prezidentning qarorini ham», — degan prezident.

Top