07:30 / 05.08.2019
77198

«Uydagi sigirni sotishga majbur bo‘ldim» - Rishtonning prezident videoselektoridan keyin o‘zgarishlarni kutayotgan manzaralari

Farg‘ona viloyati, Rishton tumani markazidagi qayta qurish ishlari, «buz-buz»lar oqibatida aholi vakillarining huquqlari poymol etilayotgani haqida saytimizda juda ko‘p maqolalar va reportajlar e'lon qildik.

Avvaliga turfa muammolar aholi vakillarining uylari ogohlantirishsiz, ularga hech qanday sharoit yaratilmay buzilib, kompensatsiya pullari berilmayotganida edi.

So‘ng Rishtondagi qurilish ishlariga barcha tumanlardan, viloyatdagi barcha tashkilot vakillari «hashar» niqobi bilan majburiy mehnatga jalb etilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda kun tartibi darajasida muhokama qilindi.

Kuni kecha o‘tkazilgan videoselektorda Rishton masalasiga shaxsan davlat rahbari e'tibor qaratib, viloyat hokimini tanqid ostiga oldi va shaharchadagi buzish ishlari davomida aholiga noqulaylik tug‘dirgani, ularning dardini eshitmagani uchun viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevdan uzr so‘rashini talab qildi.

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

Bu voqealar asnosida Rishton aholisi vakillari yana bir marta Kun.uz saytiga buzilgan uylari uchun kompensatsiya puli berilmayotgani haqida murojaat qilishdi. Biz 3 avgust kuni yana Rishtonda bo‘lib, hasharchilar va aholi vakillari bilan uchrashdik.

Afsuski, prezidentning shov-shuvli videoselektoridan keyingi kunda ham Rishtondagi ahvol «eski hammom, eski tos» edi.

To‘g‘ri, ko‘chalarda hasharchilar soni ozayibdi. Yo‘llar chetida, issiq havoda ishlayotgan ayollar bor. Ular o‘zlarini, Qo‘shtepa yoki Oltiariq «obodonlashtirish» bo‘limidan keldik, deya tanishtirishdi. Lekin uylari buzilgani uchun kompensatsiya to‘lanishi kerak bo‘lgan odamlar hali ham pullarini ololmagan.

Rishton markazida yashovchi uyi «snos»ga tushgan aholiga haligacha pullar berilgani yo‘q. Buzilgan xonadonlarda bo‘lib, egalari bilan suhbatlashdik.

«Hamma uyim buzilib, bir xonada qolganmiz. Yangi joyga uy qurayotgan ustalardan 17 million qarzim bor»

Sultonxon Abdullayev («Oq yer» MFY, Amir Temur ko‘chasi 4-uyda yashaydi):

— 14,5 sotix yerim bor edi, endilikda 7 sotixcha yer qoldi. Ramazon oyida taroveh namozi payti tadbirkorlarni hokimiyatga yig‘ilishga chaqirishyapti deyishgandi. Shu bilan ertalab hokimning qurilish bo‘yicha muovini Sodiqjon Haydarov (endilikda sobiq) keldi va noturar joylarni buzish boshlandi. Ular buzilgandan keyin turar joy imoratlariga o‘tildi. Mening 1998 yilda qurish boshlangan va bitganiga hali ikki yil ham bo‘lmagan 8 metrli ayvonim, beshta do‘konim tepasida yangilangan shiferlari bilan, mehmonxona, xullas 11ta uyim, hammasi buzilib ketdi.

2017 yilda usta boqdim, qariyb 36 mln so‘m pul sarfladim. Mana endi imoratlarim buzildi, tep-tekis qilinib, yo‘q bo‘ldi. Onam 87 yoshga to‘ldilar, sutni yaxshi ko‘radilar, nevaram ham bor sakkiz oylik. Lekin uydagi sigirni sotishga majbur bo‘ldim, chunki g‘ishtdan qarzim bor edi. Tsementdan ham qarzim bor, 4 tonnaga. Menga Miskin mahallasidan yangi joy berishdi — 6 sotix. 46 mingta g‘isht urildi. 5 «Kamaz» shag‘al ketdi. Betoniga mana shu joydan chiqqan so‘ritok temirlari bor edi, hammasini olib borib ishlatdik. Hammasiga pulni o‘z cho‘ntagimdan sarfladim.

Davlat tomonidan esa bor-yo‘g‘i 10 mln so‘m berildi, xolos. 11ta uyimni 89 mln so‘mga baholashibdi, lekin o‘sha narxlar yozilgan qog‘ozni haligacha ko‘rganim yo‘q. Boshqa joylarga ko‘rsatsak, narxini 300 million so‘mdan oshadi, deyishyapti. Menga 2 mingta deb g‘isht berishdi, mana yotibdi, 1,5 mingtaga borsa boradi yoki 1200ta chiqadi. Yana 2,5 mingta g‘ishtni narigi yerga tushirganman.

Endi qurilish qilishim uchun mana bu imoratimni buzishim kerak. Lekin shundan boshqa yashaydigan joyim yo‘q. Miskindagi uyni bitirsam, oilamni o‘sha joyga ko‘chirib borganimdan keyin bu yerda qurilish boshlashim mumkin bo‘ladi. Boshqa ilojim yo‘q. O‘g‘lim Andijonda o‘qiydi, 31 yoshga to‘ldi. Uni uylantirishim kerak, lekin uylaydigan joy qolmadi. Xotinim operatsiya bo‘lgan, yaqin 45 kun davomida ota eshigida jon saqladi. O‘sha 89 millionni berishsa, narigi yerdagi uyni bitirib, ko‘chib chiqardim.

Pulni so‘rab borsam, Sodiqjon Haydarov «hali pul kelgani yo‘q, hozircha birortasidan olib turing», dedi. Atrofdagi hamma tadbirkorlarning imoratlari buzilgan bo‘lsa, pulni kimdan olasiz? Men Miskindagi yerimda 9 usta boqdim, ulardan 10 mln so‘mdan ortiq qarzim bor, ish haqidan. Jami qarzlarim esa 17 mln so‘mdan ortiq. Ustalar boshqa joyda ishlayapti, lekin har o‘tganda pul nima bo‘ldi deb so‘raydi. Xijolat bo‘lib uyda o‘tirolmay qoldim. Kuni kecha bitta qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib ketishdi. Ko‘chaga shag‘al to‘kib ketishgan ekan, shuni ham menga yozib qo‘yishibdi.

Men ishlatmasam, uni nima qilaman? Bergan g‘ishtlari ham sifatsiz. Pulni berishsin. Bozordan tanlab olaylik».

«Avvaliga va'da boshqa edi. Endi uyimizdan chiqqan eski materiallarning puli kompensatsiya ichidan minus bo‘lar ekan»

Mirzao‘rin Sobirov (Rishton shahri, Roshidoniy ko‘chasi 284-uyda yashaydi):

— Bizda ham xuddi shunday holat. Kompensatsiya to‘laymiz deb, uyimizni buzishdi. 10 mln so‘m berishdi xolos, qolganini olganimiz yo‘q. 8 xona uyim buzildi. Shoshilinch ravishda ustalarni olib kelib, buzilgan uylardan chiqqan g‘ishtlardan yashab turish uchun ikki xonali uy qurib oldim. 4 kishi shu joyda yashayapmiz. Qora suvoq qilingan xolos, hali oqlangani ham yo‘q. Menga Uchariqdan 6 sotix yer berishgan. Mahalla tomonidan 650 kilo sement, 4,5 mingta g‘isht berildi. Bizga Qo‘shtepa tumani biriktirilgan ekan. Ular 5 mingta g‘isht va 500 kilo sement berishdi.

Hozir yangi uyga poydevor quydirishim kerak, lekin pul yo‘q. Haligi 10 mln so‘mni 2 xonali uyimni bitirish uchun ishlatib yuborganman. Chunki yashaydigan boshqa joy yo‘q edi. Buzilgan uyimni qanchaga baholashganini ham bilmayman.

Baholash komissiyasi keldi, biz viloyatdanmiz deyishdi. Rasmga, videoga olib ketishdi. Shu bo‘yi 10 mln so‘m berishdi, xolos. Komissiya qanchaga baholagan, menga aytishgani yo‘q. Endi men uy bilan birga do‘kon ham qurishim kerak. Tirikchiligim shu do‘kondan edi. Uni buzib ketishganidan beri ishsizman. Kelib buzdirgan paytda arzon narxda sement, g‘isht beriladi, deyishgandi. Endi surishtirib prokuratura yoki IIBga borsak, hokimlik hal qiladi, deyishyapti.

Eng o‘ylantirgani — uyimiz buzilganida undan chiqqan materiallar akt tuzilib, hisobdan chiqariladi, deyishgandi. Kecha moliyadan kelishib, eski uylarimizdan chiqqan materiallar pulga «chaqilib» kompensatsiya ichidan olib qolinishini aytishdi. Tavba, bu qanaqasi?»

«Odamlar Prezidentimizga qattiq ishonishadi. Lekin mahalliy rahbarlar va'da berib ustidan chiqishmayapti»

Ulug‘bek Husanov:

— Ramazon oyining ikkinchi 15 kunligida kelib, ammamning uyini buzib ketishdi. Ammaning sog‘lig‘i chatoq. Hozir o‘g‘lining uyida o‘tiribdi. Kompensatsiya berilishini kutyapti. Uyning o‘rniga Uchariqdan 6 sotix yer berildi. 10 mln so‘m berib ketishdi. 400 kg sement, 2,5-3 mingta g‘isht tashlab ketishdi. Aslida Prezidentimiz aytganidek, avval yer va kompensatsiya berib, keyin buzilishi kerak edi. Lekin hozir teskarisi bo‘lyapti. O‘shanda buzdirmayman deganlarga davlat siyosatiga qarshimisan, deyishgandi. Odamlar Prezidentga ishonishadi, lekin mahalliy rahbarlar teskarisini qilishyapti. Hech qanday rejasiz ish qilinyapti».

«Buzilgan uylarni o‘ta savodsizlarcha baholashgan»

Inoyatxon Rahmonova (Roshidoniy ko‘chasida yashaydi, II guruh nogironi):

— Rishtonimizga yurtboshimizning nazari tushganidan xursandmiz. Mahallani obod qilinglar deyapti. Har bitta daraxtiga ham pul berasan deganini eshitib quvondim. Tuman rahbarlari kelib, Prezident qarori bor, buzamiz deyishdi. Qarordan xabarim bor, buzaveringlar, deb uyni bo‘shatib berdim.

Men pensionerman, bir kelinim farrosh. Ikkalamizning pulimizga tirikchilik qilyapmiz. Kompensatsiya berishadi deb o‘ylagandim, hali berilgani yo‘q. Yer ham berishmadi. 8 xona uyim buzildi. 10 kishi yashaymiz. Hozir yoz, tok ostida so‘rida yotibman.

Qishgacha bitkazib berishar deb o‘ylayapman. Ishni tezlatishga mablag‘ yo‘q. Narxini 95 mln so‘m deb eshitdim. O‘zim ilgari qurilishda ishlaganman. Uylarim pishgan g‘ishtdan qurilgandi. Menimcha, 300-400 mln so‘m bo‘lishi kerak edi. Kimdir kelib uying shunchaga baholandi, demadi, hech kim kelgani yo‘q. Hokim o‘rinbosariga uchradim, beramiz, ro‘yxatga kiritib qo‘ydik, dedi. Biroq pul hali ham berilgani yo‘q. 5 mingta g‘isht berishdi, sement ham berildi.

Men har kuni yurtboshimiz tinch bo‘lsin, hokimlarimizga insof bersin deb duo qilaman.

Bu yerda buzish ishlari 16 mayda boshlangan. May oxirigacha to‘liq buzib tozalangan. O‘g‘lim keyin bir oy kadastrning ortidan yugurdi. Yer beradi degandi, lekin unga berishmadi. Hokim o‘rinbosari xijolat bo‘lmang, beramiz dedi. Lekin, mana bir oy bo‘ldiki, hali berilgani yo‘q. Birinchi guruh baholagani kelganda sizga zo‘r narx chiqadi, deyishgandi. Xursand bo‘lib tursam, yana boshqa odamlar kelib, qaytadan baholadi, lekin ular indamadi, narxini aytishmadi. Shunga hayron bo‘lib qoldim. Hatto moliyadan kelib, chiqqan materiallarning ishga yaroqlisini hisoblab ketishdi. Kompensatsiyadan minus qilinadi, deyishdi».

«Farzandim nogiron. Uyimiz buzilib ijarada turibmiz. Hali bir so‘m ham kompensatsiya olmadim»

Umidjon Meliboyev (Roshidoniy ko‘chasi 28-uyda yashaydi)

— Uyimiz 7 iyun kuni buzilgan. Kompensatsiya berilgani yo‘q. To‘rtta uy, ayvon, darvozaxona, gazxona buzildi. Hech qanday yordam ham yo‘q. Bu joydagi yerim 6 sotix edi. Uysiz qoldik. Hozir ijarada turibmiz.

Nogiron qizim bor. Ijara shartnoma qilingan. Lekin hokimlik pul bergani yo‘q, o‘zim to‘layapman — 350 ming so‘m. Dehqonoboddan yer berishdi. Biroq kompensatsiya berishmayapti, so‘rasam «beramiz» deyishyapti, lekin daragi yo‘q».

Xullas, Rishtonda shunaqa gaplar. Hali tuman markazida qurilish ishlari davom etmoqda.

Elmurod ERMATOV,
Kun.uz muxbiri, Farg‘onadan.
Ahrorbek YoQUBJONOV, tasvirchi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top