08:20 / 06.08.2019
63196

216/252: AQShdagi ommaviy qotilliklarni to‘xtatishning imkoni bormi?

Foto: AFP

O‘tgan dam olish kunlari AQShda aholini ommaviy o‘qqa tutish bo‘yicha o‘ziga xos rekord qayd etildi. Bir sutka ichida uchta joyda otishma yuz berdi.

Texasdan Chikagogacha: 29 qurbon, 49 yarador

Foto:  AP Photo/John Minchillo

3 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 10larda El-Paso shahridagi Walmart magaziniga 21 yoshli Patrik Krusner kirib keldi. Vintovka bilan qurollangan Krusner xaridor va sotuvchilarni o‘qqa tuta boshladi.

Politsiyachilar voqea joyiga yetib kelishganida u xotirjamlik bilan taslim bo‘ldi. 20 kishi ushbu hujum qurboniga aylandi, yana 26 kishi, jumladan bolalar jarohatlandi. Internetda qotilning manifesti joylashtirilgani ma'lum bo‘ldi. U manifestida Amerikani begonalardan himoya qilayotganini e'lon qilgan. Krusner shuningdek, 2019 yil martda Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi masjidda o‘nlab insonlarni o‘ldirgan jinoyatchini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

O‘sha kuni, 3 avgustda 24 yoshli Konnor Bets Deyton shahridagi ko‘chalardan birida joylashgan Ned Peppers bari oldida o‘tkinchilarga o‘q uzdi. Krusnerdan farqli ravishda, Bets taslim bo‘lmadi va uni politsiya otib o‘ldirguncha 9 kishining hayotiga zomin bo‘lishga va 16 kishini yaralashga ulgurdi.

3 avgustdan 4 avgustga o‘tar kechasi Chikagoda noma'lum shaxs o‘tkinchilarga Camaro avtomobilidan o‘q uzdi. Oqibatda yetti kishi jarohatlandi, jinoyatchi esa voqea joyidan yashirindi.

Kim aybdor?

Donald Tramp
Foto: AP Photo/Carolyn Kaster

AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, odamlarga qarata o‘t ochgan jinoyatchilar «o‘ta jiddiy ruhiy kasalliklarga chalingan».

«Xalqimiz irqchilik, toqatsizlik va oq supremasizmni (oq irqning ustunligiga ishonish) bir ovozdan qoralashi darkor. Bu yovuz mafkuralarni yengish kerak. Amerikada nafratga joy yo‘q», - ta'kidladi Tramp.

Shuningdek, u internetning bu voqealardagi rolini aytib o‘tdi va kompyuter o‘yinlari zo‘ravonlikni targ‘ib etayotganini bildirdi.

«Zo‘ravonliklar sababi hozirda keng tarqalgan vahshiyona va dahshatli kompyuter o‘yinlarini o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda xomxayollarga berilgan yoshlar zo‘ravonlikni madh etuvchi madaniyatga o‘ralashib qolishi juda oson», - deb qo‘shib qo‘ydi u.

Shu bilan birga, Trampning fikricha, Amerika ommaviy axborot vositalari yolg‘on axborot tarqatib mamlakat ichida keskin vaziyat paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lmoqda.  

«Mamlakatimizdagi fuqarolar hayoti va xavfsizligi borasida ulkan mas'uliyat OAV zimmasida. Yolg‘on xabarlar ko‘p yillardan buyon nafrat va g‘azab qo‘zg‘alishiga sezilarli darajada sababchi bo‘ldi. Yangiliklar haqqoniy, xolis yoritilishi va bir tomonlama bo‘lmasligi lozim, aks holda muammolar faqat kuchayadi», - deb yozdi Tramp Twitter sahifasida.

Trampga qarshi bo‘lganlar esa yuz bergan voqealarda uning o‘zini ayblashmoqda. Ular Patrik Kruser prezidentning immigratsiyaga qarshi tashabbuslari haqida iliq fikr bildirganiga e'tibor qaratishmoqda va Tramp Amerika jamiyatida «nafrat muhiti»ni vujudga keltirmoqda deb hisoblashmoqda.

Ammo bu yanglish fikr. AQShda ommaviy qotilliklar kim prezident bo‘lishidan, u demokratmi, respublikachimi bo‘lishidan qat'i nazar sodir bo‘lib keladi. Bunday jinoyatlar demokratlar Klinton va Obama davrida ham, respublikachilar kichik Jorj Bush va Donald Tramp davrida ham bo‘lgan.

Ommaviy o‘q uzishlar soni oshib bormoqda

Amerikalik jurnalistlarning yozishlaricha, Chikagodagi voqea 2019 yil davomida  sodir bo‘lgan 252-ommaviy otishmadir. 4 avgust yilning 216-kuni ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu raqam AQShda har 30 kunda 35ta ommaviy o‘q uzib odam o‘ldirish holati yuz berishini anglatadi. Ya'ni kuniga o‘rtacha 1,1 marta. Qurbonlar soni ikki-uch kishini tashkil etgan hodisalar allaqachon matbuot e'tiborini tortmay qo‘ygan. Ma'lumot berilishicha, 2019 yilning boshidan shu kungacha ommaviy o‘q uzish bilan bog‘liq jinoyatlar oqibatida 281 kishi halok bo‘lgan va mingdan ortiq kishi jarohatlangan.

Yirik ommaviy qotilliklar

2007 yil 16 aprelda 23 yoshli talaba Cho Sin Xi Virginiya politexnika institutida 32 kishini otib o‘ldirdi.

2012 yil 14 dekabrda 20 yoshli Adam Lanza «Sendi-Huk» maktabida 27 kishini, jumladan, 6-7 yoshli 20 nafar bolani otib tashladi.

2016 yil 12 iyunda 29 yoshli Omar Matin Orlandodagi Pulse gey-klubida otishma uyushtirdi, natijada 49 kishi halok bo‘ldi, 53 kishi yaralandi. 

2017 yil 1 oktyabrda 64 yoshli Stiven Peddok Las-Vegasdagi mehmonxonadan turib 58 kishini otib o‘ldirdi, yana 56 kishini jarohatladi.

2017 yil 5 noyabrda 26 yoshli Devin Kelli Sazerlend-Springs aholi maskanidagi baptistlar cherkovida 26 kishini otib o‘ldirdi, 20 kishini yaraladi.

Bu holatlar respublikachi prezident bo‘lganida ham, demokrat prezident bo‘lganida ham sodir bo‘lgan.

Qurol o‘limdan asray olmaydi

2016 yilda The Washington Post nashri quyidagi ma'lumotlarni keltirdi – AQSh aholisining qo‘lida 270 million birlikka yaqin o‘tochar qurol bor. Har 100 nafar amerikalikka o‘rtacha 88,8ta qurol to‘g‘ri keladi. Ayrim ekspertlar esa bu raqamlar  kamaytirib ko‘rsatilgan deb hisoblaydi.

Qurol erkin sotilishini yoqlaydiganlarning fikricha, qotilliklar qurol olib yurishga cheklov bor joyda yuz beradi. Cheklov yo‘q joyda esa jinoyatchi harakat qilishga qo‘rqadi, chunki javob o‘qiga duchor bo‘lishi mumkin.

Ammo El-Pasodagi voqea bu fikrga mos tushmaydi. Barak Obama qurol sotuviga federal darajada cheklov kiritishga uringan vaqtda Texasda o‘tochar qurol egasi uni ochiqchasiga yonida olib yurishiga ruxsat beruvchi qonun qabul qilingan. Ushbu qonunga asosan Texasda oshxonada avtomat bilan tamaddi qilayotgan erkakni yoki yelkasiga miltiq osib olgan uy bekasini ko‘rish mumkin. Ammo bu Patrik Kruserning 20 kishini bemalol otib o‘ldirishiga to‘sqinlik qila olmadi.

Kim qarshilik qila oladi?

AQSh konstitutsiyasi fuqarolarga qurol saqlash va uni olib yurish huquqini beradi. Jinoyat qilib sudlangan, ruhiy kasal va AQSh fuqarosi bo‘lmaganlargina qurol olib yurishga haqqi yo‘q.

Milliy qurol assotsiatsiyasi (NRA) AQShda qurollanish huquqining qudratli himoyachisi va Vashington ustidan hukmronlik qiladigan lobbichi hisoblanadi. Amerikaning hech bir prezidenti, u xoh demokrat bo‘lsin, xoh respublikachi bo‘lsin, hozircha unga jiddiy qarshilik qila olmagan. 

Balki hozirgi prezident Donald Tramp bunga urinib ko‘rar. U mamlakatda sodir bo‘lgan otishmalardan so‘ng kongressdagi demokratlar va respublikachilarni qurol sotish to‘g‘risidagi qonunni keskinlashtirish va immigratsion islohot o‘tkazishga chaqirdi.  

Tramp tvitterda AQSh hukumati begunoh odamlarning o‘lib ketishlariga yo‘l qo‘ya olmasligini ta'kidladi. Uning fikricha, respublikachilar va demokratlar birlashishi hamda shaxsiy biografik ma'lumotlar jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilishiga erishishlari kerak.

Texasdagi qotillikdan so‘ng demokratlardan prezidentlikka nomzod Kori Buker qurol lobbichilariga qarshi tura oladigan yetakchiga ehtiyoj sezilayotganini aytdi.

«Bu saylovda bizga o‘rnidan turib «Bu masala korporativ qurol lobbisi va NRA manfaatlari uchun hal qilinishini istamayman» deydigan yetakchi kerak», dedi u. 

«Keyingi 50 yil ichida amerikaliklar barcha urushlarimizni qo‘shib hisoblagandagidan ham ko‘proq qurolli zo‘ravonlik natijasida halok bo‘layotgan ekan, bu har bir kishini tashvishlantirishi shart», deb qo‘shib qo‘ydi u.

Qurol sotilishi borasida keskin qonun qabul qilinadimi yoki hammasi ilgarigiday davom etadimi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Dilshod Asqarov tayyorladi.

Top