00:53 / 06.08.2019
9866

Eron mintaqa yetakchilariga o‘zaro hujum qilmaslik haqida bitim tuzishni taklif qildi 

Foto: Reuters

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif mintaqa yetakchilariga muloqot boshlab, AQShga ishonch pasaygani ortida o‘zaro hujum qilmaslik haqida bitim tuzishni taklif qildi. 

Zarifning ta'kidlashicha, “AQShga ishonch yo‘qolgani yaqqol ko‘rinmoqda”. Eron vakilining aytishicha, bu holat Vashington “Fors ko‘rfazida kemachilikni himoya qilish bo‘yicha xalqaro koalitsiya tuzish rejalarida ishtirok etish uchun o‘z mijozlari va ittifoqdoshlarini ham jalb qila olmaganidan ham ko‘rinmoqda”. 

“Mintaqa davlatlari AQSh ketgandan keyin yana uzoq vaqt qo‘shni bo‘lib qoladilar”, deb ishonch bildirgan Zarif. Shu sababli, uning fikricha, “mintaqa yetakchilarining aynan mintaqaviy muammolarni hal qilishga e'tiborni qaratishi fursati yetib keldi”. Zarifning ta'kidlashicha, “mintaqa davlatlari o‘rtasida tajovuzga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi paktni tuzish va muloqot bu yo‘nalishning yaxshi boshlanishi bo‘lar edi”. 

AQSh davlat departamenti 24 iyunda Vashington Fors ko‘rfazida kemachilik erkinligini ta'minlash uchun koalitsiya tuzishini e'lon qilgan. 23 iyulda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo koalitsiyada ishtirok etish uchun turli mintaqalar davlatlarini jalb qilishni taklif qilgan. Biroq shu kuni Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya Fors ko‘rfazida kemachilik xavfsizligi ortidan kuzatish maqsadida o‘z missiyasini ta'minlash bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani ma'lum bo‘lgan. 31 iyulda Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Germaniya AQSh tashabbus bildirgan koalitsiyada ishtirok etmasligini ma'lum qilgan.

Top