16:25 / 06.08.2019
6039

Qariyb 3 milliard so‘mlik imtiyozlardan noqonuniy foydalanish holatlari bojxonachilar tomonidan fosh etildi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ma'lumki, yurtimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik sub'yektlariga bojxona to‘lovlaridan turli imtiyozlar qo‘llanilib kelinmoqda. Ammo, ayrim soxta tadbirkorlar esa berilayotgan imtiyozlarni suiiste'mol qilishga urinishmoqda. Bojxona xodimlari tomonidan bu kabi bojxona qonunchiligi buzilishi holatlariga qarshi samarali kurash olib borilmoqda.

Jumladan, Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar davomida bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tish maqsadida noqonuniy tarzda tashkil qilingan mas'uliyati cheklangan jamiyatlarining qing‘irliklari fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Xususan, Namangan viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan birining faoliyati o‘rganilganda, korxona rahbari Yu.S. o‘zi tuzgan tashkilotni bojxona to‘lovlaridan imtiyoz olish maqsadida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga a'zo bo‘lishiga erishadi.

2018–2019 yillar davomida og‘irligi 79 873 kilogrammni tashkil etuvchi tekstil tovarlarini mamlakatimizga olib kelib, 904 million so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlaridan imtiyoz olishga muvaffaq bo‘ladi.

Ammo, achinarlisi shundaki, nomi bor-u o‘zi yo‘q ushbu korxonada ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yilmagan va bojxona imtiyozlari suiiste'mol qilingan.

Bu kabi qonunbuzarliklar Andijon viloyatida ham qayd etildi. Jumladan, mazkur viloyat hududida tashkil etilgan mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan birining rahbari fuqaro B.A. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga a'zo bo‘lgandan so‘ng, 2018-2019 yillar davomida umumiy qiymati 59 648 AQSh dollariga teng bo‘lgan tekstil tovarlarini yurtimizga olib kelgan. Shuningdek, go‘yoki ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida olib kelgan mahsulotlari uchun bojxona to‘lovlaridan 1 mlrd. 396 mln. so‘mdan ortiq imtiyozlardan foydalangan. Ammo, tekshiruv davomida ushbu tashkilot tomonidan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmaganligi va imtiyozlardan noto‘g‘ri foydalanganligi aniqlandi.

Shuningdek, viloyat hududida tashkil etilgan yana ikkita mas'uliyati cheklangan jamiyatlar rahbarlari R.O. va A.R. ham qing‘ir yo‘lni tanlashgan.

Ular xorijdan olib kelinayotgan tovarlari uchun bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida go‘yoki ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish uchun o‘zlari tomonidan tuzilgan tashkilotlarini “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga a'zo qilishadi va olib kelgan mahsulotlari uchun jami 550 million so‘mdan ortiq imtiyozni qo‘lga kiritishadi.

Ammo, ushbu mas'uliyati cheklangan jamiyatlar rahbarlari ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ish o‘rinlari yaratish kabi o‘z zimmalaridagi mas'uliyatli vazifalarini “esdan chiqarib qoldirishadi”. Davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalangan ushbu qonunbuzarlarning hiylalari o‘zlariga pand berdi. G‘alvir suvdan ko‘tarilganda ularning barcha qilmishlari oshkor bo‘ldi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Top