9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

10:00 / 06.08.2019 3415

Respublika DSENM Toshkent shahrida yuqumli kasalliklarning tarqalish holati bo‘yicha ma'lumot berdi

Respublika davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazida «Toshkent shahrida yuqumli kasalliklar bo‘yicha olib borilayotgan profilaktika chora-tadbirlari samaradorligini baholash» mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahrida qizamiq, meningokokk infeksiyasi, virusli gepatit, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining tarqalish holati va undan profilaktika qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ma'lumot berildi.

Brifingda ma'lum qilinishicha, 2019 yilning yanvaridan hozirgacha respublika bo‘yicha 279ta qizamiq holati qayd etilgani laboratoriya sharoitida tasdiqlangan.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2017 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekiston qizamiq va qizilchadan xoli hudud sifatida rasman tan olingan edi. 2018 yildan boshlab esa aholi o‘rtasida qizamiq holati qayd etila boshlangan.

«Joylarda qizamiq belgilari bilan kelgan bemorlarga o‘z vaqtida aniq tashxis qo‘yilmasligi holatlari uchramoqda», deydi Respublika DSENM immunoprofilaktika bo‘limi vrachi La'li Saidg‘aniyeva.

Shuningdek, meningokokk infeksiyasi ham tez-tez uchrayotgani ma'lum qilindi. Respublika epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori Nurmat Atabekovga ko‘ra, har 100 ming aholi o‘rtasida 5tadan ortiq meningokokk infeksiyasi qayd etilsa, bu me'yoridan ortiq hisoblanadi. Toshkent shahri tumanlarida esa xuddi shunday holat kuzatilgan. Umumiy hollarda 5-6 yoshdagi bolalarda uchraydigan mazkur kasallikning 30 va undan yuqori yoshlilarda ham qayd etilishi holatlari mavjud.

«Mazkur kasallikning tarqalishi oldini olish maqsadida yangi uyushgan jamoalar — armiyaga chaqirilganlar, o‘qishga yangi qabul qilinganlar, haj safariga boradiganlar kabilarda emlash ishlarini olib borish lozim», deya ta'kidlaydi Atabekov.

Respublika DSENM bosh vrachi o‘rinbosari Botir Qurbonovning qayd etishicha, Toshkent shahrida uchrayotgan virusli gepatitning 98 foizini gepatitning A turi tashkil etadi. «Gepatit A bilan ko‘proq maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalar kasallanmoqda. Ular maktabga chiqqach, o‘zining tengdoshlariga ham kasallikni yuqtirishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Shu bois virusli gepatit A kasalligiga qarshi emlash kampaniyasini tashkil etish muhim», deydi Qurbonov.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahrida 2019 yilning birinchi yarmidagi holatga ko‘ra o‘tkir yuqumli ichak kasalligi bilan og‘riganlarning 36,9 foizini 1 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar, 34,7 fozini 12 yoshdagi bolalar, 18,5 fozini 3-6 yoshdagilar, 9,9 foizini 7-14 yoshlilar, 0,6 fozini esa kattalar tashkil etadi. Ichburug‘ kasalligining yuqishiga asosan meva va sabazavotlar (56,2 foiz), sut va sut mahsulotlari (26,5 foiz) va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari (17,3 foiz) tashkil etadi.

«Ichburug‘ning bolalar o‘rtasida ko‘p uchrashi poliklinikalarda yosh onalarga tushuntirish ishlari yetarli darajada olib borilmayotgani sabab bo‘lmoqda. Shaxsiy gigiyena qoidalariga yetarli darajada rioya etilmasligi ham ichburug‘ga yo‘l ochib beradi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, tashishda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishi qat'iy nazoratga olinishi kerak», deydi Respublika DSENM epidemiologiya bo‘limi vrachi Aziz Nishonov.

Top