16:53 / 07.08.2019
8268

Foto: Toshkent metrosida kichik kutubxona tashkil etildi

5 avgust kuni Toshkent metropolitenining «Paxtakor» va «Alisher Navoiy» bekatlari kesishmasi foyesida kichik kutubxona tashkil etildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot tahlil media markazi bosh mutaxassisi Jamshid Shermetovning ma'lumot berishicha, kitobxonlar safini kengaytirish va yo‘lovchilarni mutolaaga keng jalb qilish maqsadida joriy qilingan kutubxonaga har kuni 50 nafarga yaqin kishi tashrif buyurmoqda.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi yuzdan ziyod turli badiiy adabiyotlar hamda jurnallar o‘quvchilar ixtiyoriga taqdim etilgan. Kitobxonlar uchun salqin ichimlik va shirinliklar do‘koni ham ochilgan.

Kutubxona ertalabki soat 06:00dan tungi soat 00:00gacha xizmat ko‘rsatyapti. O‘quvchilar asosan kun o‘rtasida, ya'ni tushlik vaqtida ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

Toshkent metropoliteni tarixida ilk bor yo‘lga qo‘yilgan ushbu tajriba ommada qiziqish uyg‘otib, o‘zini oqlasa, kelgusida boshqa bekatlarda ham xuddi shunday ko‘rinishdagi kutubxonalar tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

 

Top