9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

07:32 / 07.08.2019 27085

Namanganda abituriyentlar nomidan testga kirgan uch nafar talaba ushlandi

Foto: KUN.UZ

Ayni kunlarda Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida tashkil etilgan pavilonda viloyatdagi oliy ta'lim muassasalariga 2019-2020 o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkazilmoqda.

Jurnalist Oqilxon Dadaboyevning xabar berishicha, test sinovlarini qulay va adolatli, shaffof tarzda tashkil etilishi uchun tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan yetarli darajada shart-sharoitlar yaratildi.

Biroq, shu yilning 3 avgust kuni Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Barkamol avlod” sport majmuasi paviloniga soxta hujjatlar bilan (biometrik pasportdagi va test sinovlariga kirish uchun DTM ruxsatnomasidagi rasmlarni almashtirib) “mijoz” abituriyentning o‘rniga “kalla” sifatida kirayotgan 3 nafar talaba, ya'ni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Namangan davlat universiteti va Namangan muhandislik texnologiya institutining talabalari aniqlandi. Bu “uddaburon” uchovlon hukumatning 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli va 2018 yil 3 apreldagi 261-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan Nizom talablarini qo‘pol ravishda buzganligi sababli test sinovlaridan belgilangan tartibda chetlatildi.

O‘rganish davomida abituriyentlarni noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kirishini tashkillashtirgan shaxs - 1985 yilda tug‘ilgan, Norin tumanida yashovchi A.K.D. ekanligi aniqlandi va u tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, A.K.D. “mijoz” abituriyentlarni 3 ming 500 AQSh dollari evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan. “Kalla” bo‘lishga so‘z bergan “uchar” talabalarga ularga biriktirilgan “mijoz” shartnoma asosida o‘qishga kirsa 800 AQSh dollari, “grant”ga kiradigan bo‘lsa 1 ming 200 AQSh dollari berishini aytadi. Reyd natijasida ayrim “kalla”larga test kuni “mijoz”ning soxta pasporti va ruxsatnomasi bilan birga kelishilgan pullarni berganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaro A.K.D.ga nisbatan tegishli huquqni muhofaza qilish idorasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Top