16:20 / 07.08.2019
5926

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari avtomobil yo‘llarida kavlash ishlari ko‘payganiga izoh berdi

Bugun, 7 avgust kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari va jurnalistlar ishtirokida «Toshkent shahridagi yog‘ingarchilik mavsumlarida suv toshqinlarining oldini olish tizimi muammolari» mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda qatnashgan Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonberdiyev poytaxtdagi avtomobil yo‘llarida kavlash ishlari ko‘paygani sababini tushuntirdi.

«Toshkent shahrida yaqin 2-3 yilda qurilish ishlari jadallik bilan olib borilyapti. Urbanizatsiya jarayonida aholi soni ko‘paymoqda. Shunga yarasha infrastrukturani ham moslashtirish talabi qo‘yilyapti. Mavjud drenaj quvurlari bunaqa bosimga bardosh berolmasligi aniq. Bularni hisobga olib qanaqa choralar ko‘rilyapti? Eskirgan, yaroqsiz holatga keltirilgan quvurlar yangisiga almashtirilyapti yoki ta'mirlanyapti. Shu sababli ham avtomobil yo‘llarida kavlash ishlari bo‘lib o‘tayotgani aholi harakatlanishi uchun  qiyinchilik tug‘diryapti, ammo bu vaqtinchalik holat», deya hokim o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Hokim o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, shahar kengayib borayotgani hisobiga elektr, suv, issiqlik ta'minoti, kanalizatsiya tarmoqlarini almashtirish, mavjudlarini ta'mirlash ishlarini olib borish talabi qo‘yilgan.

«Birgina kanalizatsiya tizimi gapiriladigan bo‘lsa, so‘nggi 15 yil ichida bu bo‘yicha qurilish bo‘lmagan. Bu yil 50 kilometrdan ortiq kanalizatsiya quvurlari o‘rnatilyapti. Shu bilan bir qatorda, shahar aholisini toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta'minlash choralari ko‘rilyapti. 17 mlrd so‘mga 25 kilometrli masofaga toza ichimlik suvi yetkazib berilmoqda», deydi u.

Top