16:42 / 08.08.2019
20654

Komil Allamjonov matbaachilar prezident siyosati tufayli uyli bo‘lganini ma'lum qildi

Foto: Facebook/Komil Allamjonov

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov agentlik tasarrufidagi «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi xodimlari istiqomat qilayotgan 17-B uyni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda u Facebook’dagi sahifasida post qoldirgan.

«Kecha jamoamiz bilan birgalikda Agentlik tasarrufidagi «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi xodimlari istiqomat qilayotgan 17-B uyni ko‘zdan kechirdik. Shu yerda yashayotgan odamlar bilan muloqot qildik, yashash tarzi bilan tanishdik.

Foto: Facebook/Komil Allamjonov

48 ta xonadondan iborat binoda bizning bosmaxonada yillar davomida faoliyat yuritayotgan matbaachi, muqovalovchi, santexnik, mexanik kabi oddiy xodimlarimiz oilasi, farzandlari bilan istiqomat qilishadi. Mazkur korxonada uzoq yillardan buyon mehnat qilib, o‘z tajribasini yosh avlodga o‘rgatib kelayotgan faxriylarimiz ham bor. Hatto bir xodimimiz shu dargohda faoliyat boshlaganidan buyon farzand katta qilib, yaqinda qiz chiqarayotgan ekan. Butun jamoamiz oilaviy ahil va bordi-keldi qilar ekan. Ularni hozirga qadar bitta dard bezovta qilib kelar edi — ushbu xonadonlar ularga qarashli emas edi. Uy o‘zingniki bo‘lmaganidan keyin halovat topmay, xavotir va hadik ichida yashashni tasavvur qilib ko‘ring.

Foto: Facebook/Komil Allamjonov

Aytish kerakki, mazkur uy 1988 yilda foydalanishga topshirilgan. Odamlar o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida shu uy o‘z mulkiga aylanishini orzu qilib, kutib yashadilar.

Bugungi kunda Prezidentimiz odamlarni uy-joy bilan ta'minlash, ularning hayotini yaxshilash yo‘lida izchil siyosat olib bormoqdalar.

Shundan kelib chiqib, biz ham Agentligimizning barcha xodimlari bilan kelishgan holda, Qurbon hayiti bayrami arafasida ushbu 48 ta xonadonning kadastr hujjatlarini tayyerlab, ishchi xodimlarimiz nomiga rasmiylashtirib berdik.

Foto: Facebook/Komil Allamjonov

Kuni kecha ularning turmush sharoiti bilan yaqindan tanishish, ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari natijasi, jarayonning qanchalik adolatli o‘tgani, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilgan-qo‘yilmaganini ularning o‘zidan so‘rab-bilish maqsadida ular yashayotgan xonadonlarga bordik.

Albatta, uylar ta'mirtalab, chunki inson uy to‘laqonli o‘ziga tegishli emasligini his qilib turgandan keyin munosabat ham shunga yarasha bo‘ladi. Endilikda juda ko‘pchilik ta'mirlash ishlarini boshlab yuborgan. Eng asosiysi — ular juda ham baxtiyor, buni ularning ko‘zlari aytib turibdi.

Foto: Facebook/Komil Allamjonov
Foto: Facebook/Komil Allamjonov

Bino tomlarini tamirlash, yon-atroflarini obodonlashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdik. Juma kuni bitta osh damlab, hammamiz mazkur bayramni nishonlashga kelishib oldik», - deb yozadi Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil oxirida Oliy Majlisga Murojaatnomasida keyingi 25 yil davomida birinchi marta aholi uchun arzon, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ko‘pqavatli uy-joylar qurish boshlanganini ma'lum qilgandi.

«Ma'lumki, aholimizni, ayniqsa, budjet sohasi xodimlarini, kam ta'minlangan oilalarni uy-joy muammosi ko‘pdan buyon qiynab kelardi. Bu og‘ir ijtimoiy muammoga biz deyarli e'tibor bermay kelganimiz ham bor gap.

Xalqimizning talab va istaklarini inobatga olib, biz joriy yilda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar qurish loyihasini amalga oshirishga kirishdik. Shahar va qishloqlarimizda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi. Bu raqamni avvalgi yillarga taqqoslaydigan bo‘lsak, 2007 yilga nisbatan 20 barobar, namunaviy uy-joylar qurish dasturi boshlangan 2010 yilga nisbatan 3,5 barobar, 2014 yilga nisbatan esa 2 barobar ko‘p uy-joy qurilganini ko‘ramiz.

Shuni alohida ta'kidlash o‘rinliki, biz keyingi 25 yil davomida birinchi marta aholi uchun arzon, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ko‘pqavatli uy-joylar qurishni boshladik. 2017 yilning o‘zida 800 ming kvadrat metrdan ziyod ana shunday uy-joylar qurib foydalanishga topshirildi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida joriy yilda 420 ming kvadrat metr ko‘pqavatli uy-joy fondi foydalanishga topshirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 barobar ko‘pdir.

Odamlarimizning hayotiy ehtiyoj va manfaatlarini ta'minlashda bu muhim masalaning naqadar o‘tkir va dolzarb muammo bo‘lib turganini hisobga olib, bu ishlarning hajmini oshirgan holda, biz yangi yilda ham albatta davom ettiramiz. Chunki, xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istaydi. Bizning mehnatkash, oqko‘ngil, bag‘rikeng xalqimiz bunga to‘la haqlidir», - degandi davlat rahbari.

Top