9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

21:30 / 08.08.2019 128247

Qirg‘izistonda yana siyosiy inqiroz: Atamboyev nega taslim bo‘ldi?

Foto: AKI-TV

Kecha, 7 avgust kuni Qirg‘izistonda navbatdagi siyosiy keskinlik to‘lqinlari avj oldi. Iyul oyi oxirida sobiq prezident Almazbek Atamboyevni jinoyatda ayblab, uni daxlsizlik huquqidan mahrum qilgan hukumat endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli hujumga o‘tdi. Mamlakat maxsus kuchlari sobiq prezidentning uyiga bostirib kirib, uni qo‘lga olishga harakat qildi va qurolli to‘qnashuv kelib chiqdi.

Xaos qamrab ola boshlagan qo‘shni mamlakatda nega ahvol bunchalik keskinlashib ketdi? Atamboyevni nimalarda ayblashmoqda?

Mamlakat prokuraturasi uni beshta jinoyatda gumon qilmoqda:

* hozir yashab turgan qarorgohi joylashgan yerni noqonuniy o‘zlashtirishda. Bu borada Qirg‘iziston JKning 319-moddasiga (korrupsiya) ko‘ra harbiy prokuraturada sudgacha tekshiruv olib borilmoqda.

* mamlakatdagi mashhur kriminal Aziz Batukayevni qamoqdan chiqarishda. Atamboyev bu ishni amalga oshirishni o‘sha vaqtdagi ichki ishlar vaziri Shamil Ataxanovga buyurgani aytilmoqda. Bu ish ham korrupsiyada ayblov sifatida ko‘rilmoqda.

* yana bir ayblov «Aka Invest» firmasi bilan bog‘liq. Pul yuvishda ayblanayotgan bu korxona Atamboyevga aloqador bo‘lishi mumkin.

* sobiq davlat rahbari Bishkek IES modernizatsiyasi bilan bog‘liq ish bo‘yicha ham ayblangan. Shuningdek, bu issiqlik elektrostansiyasi uchun ko‘mir sotib olishda yo‘l qo‘yilgan ehtimoliy korrupsiya holati alohida ish sifatida ko‘rilmoqda.

Ko‘rib turganingizdek, barcha ayblovlar korrupsiya bilan bog‘liq. Atamboyev esa bularning barchasi yolg‘on ekanini, o‘zining aybsizligi, buni kerak bo‘lsa OAVda chiqish qilib isbotlashga tayyorligini ma'lum qilgan. Atamboyev kechagi to‘polonlardan keyingi chiqishida ham bu haqda ta'kidlagandi.

Birinchi hujum o‘xshamadi

Atamboyevni qo‘lga olish uchun o‘tkazilgan birinchi amaliyot muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Har qancha g‘alati tuyulmasin, maxsus kuchlar (maxsus topshiriqli bo‘linmalar - mamlakatning eng sara harbiylari) sobiq prezidentni qo‘lga olishni uddalay olishmadi. Birinchidan, Atamboyevning tarafdorlari maxsus kuchlarga faol qarshilik ko‘rsatishdi. Atamboyevning qarorgohida harbiy kiyimdagi qo‘riqchilar ham bor edi. Axir daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan odamning uyi turgan gapki strategik obekt hisoblanmaydi. Ammo uni hamon harbiylar va maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan yigitlar qo‘riqlamoqda. Nima bo‘lsa-da, Atamboyevning qarorgohi harbiy guruh tomonidan qo‘riqlandi va birinchi jangda ular turib bera olishdi.

Vaziyat shunchalikka bordiki, mamlakat xavfsizlik qo‘mitasi raisi iste'fo so‘radi (Jeenbekov uni qabul qilmadi). Bunga sabab sifatida rais Atamboyevni qo‘lga olish operatsiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlanganini keltirdi. «Biz 3,5 ming jangchining barchasi bilan harakat qilishimiz mumkin edi. Ular qurolsiz edi», — dedi xavfsizlik qo‘mitasi raisi Orozbek Opumbayev. Qizig‘i, bu gap bilan Qirg‘izistondagi maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan qo‘shin miqdori ham ochiqlangan.

Ammo Atamboyevni qo‘riqlaganlar qurolsiz emasligi kadrlarda ko‘rindi. Sobiq prezidentning qarorgohidan olingan lavhalarda fuqarolik kiyimidagi yigitlarning qo‘lida turli qurollarni ko‘rish mumkin edi. To‘qnashuv oqibatida maxsus kuchlarning bir harbiysi, «Alfa» bo‘linmasi komandiri o‘rinbosari, podpolkovnik Usen Niyazbekov o‘qotar quroldan olingan jarohat tufayli halok bo‘ldi, 50 nafardan ortiq harbiy jarohatlandi. «Alfa» maxsus kuchlari askarlarining 6 nafar harbiysi asirga tushdi.

Ikkinchi urinish. Atamboyevning o‘zi taslim bo‘ldimi?

Bugun, 8 avgust kuni Atamboyevni qo‘lga olish uchun ikkinchi operatsiya amalga oshirildi va Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri, general-mayor Kashkar Junushaliyev rahbarlik qilgan bu amaliyot samarali yakunlandi.

Huquq-tartibot organlarining minglab xodimlari jalb qilingan amaliyot yakunida Atamboyev qo‘lga olindi va mashinada olib ketildi.

Sobiq prezidentning vakillari uning o‘zi hukumatga taslim bo‘lganini aytishmoqda. Internetda Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Kursan Asanov sobiq prezidentni taslim qilish uchun muzokara o‘tkazgani tasvirlangan videolar tarqaldi.

Atamboyev ayni vaqtda Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligining bosh tergov boshqarmasiga yetkazilgan.

Tomonlar bir-birini konstitutsiyani buzishda ayblamoqda

Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti Sooronbay Jeenbekov sobiq prezident maxsus kuchlarga qurolli qarshilik ko‘rsatish orqali konstitutsiyaga zid harakat qilganini aytdi. O‘z navbatida terrorchi emasligini ta'kidlagan Almazbek Atamboyev o‘ziga qilingan qurolli hujum konstitutsiyaga zid ekanini ma'lum qildi.

Atamboyev Rossiyaga nega borgandi?

Almazbek Atamboyev o‘ziga qarshi ayblovlar jiddiylashganidan so‘ng, ya'ni uni ayblanuvchi sifatida tergovga chaqirishganida kutilmaganda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga borgandi. Aslida sobiq prezidentning boshqa mamlakat amaldagi prezidenti bilan uchrashuvida ajablanarli hech narsa yo‘q, ammo bu uchrashuv Atamboyevdan daxlsizlik huquqi olib tashlanganidan so‘ng amalga oshirilgani qiziq bo‘ldi. Bundan tashqari, mamlakatda favqulodda vaziyat hukm surib turgan bir vaqtda sobiq prezident amaldagi prezident bo‘laturib mintaqadagi eng yirik siyosatchi bilan uchrashishi savollarni keltirib chiqarishi tabiiy edi. O‘shanda uchrashuv yakunida Putin Qirg‘izistonga siyosiy barqarorlik zarurligi va «barcha fuqarolar amaldagi prezident atrofida birlashib, unga davlatni rivojlantirish»da yordam berishi kerakligini aytgandi.

Medvedev Qirg‘izistonga kelmoqda

Ertaga, 9 avgust kuni Qirg‘izistonda Yevroosiyo hukumatlararo kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkaziladi va unda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev ham ishtirok etadi. Hozirdan tashkilotga a'zo boshqa mamlakatlar bosh vazirlari Qirg‘izistonga yetib kelishmoqda. Masalan, Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin allaqachon Bishkekda.

Atamboyev aybsizligiga ishonmoqda

Atamboyev o‘z xohishi bilan taslim bo‘lgani haqidagi taxminlarda ham jon bor. Chunki sobiq prezident o‘z chiqishlarida aybsizligiga to‘liq ishonishini aytib o‘tdi. Uning mamlakatdagi o‘n minglab tarafdorlari borligini inobatga olsak, Atamboyev sudda o‘zini oqlab chiqishi ham hech gap emas. Chunki hukumat shuncha xalq turgan vaqtda sudda qandaydir g‘irromlik bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasa kerak. Qolaversa, so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Atamboyevning ming nafardan ortiq tarafdori u olib ketilganidan so‘ng Bishkekka yo‘l olish taraddudiga tushgan…

Top