9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

22:36 / 08.08.2019 1787

SSV: 2040 yilga borib qandli diabetga chalinganlar soni 640 mln kishiga yetishi mumkin

8 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasida endokrinologiya holati» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda dunyo bo‘ylab 400 million nafardan ziyod qandli diabet xastaligiga chalingan bemor bor (JSST statistikasi). Tahlillarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 550 milliondan oshishi mumkin. O‘zbekistonda ushbu kasallik bilan 230 ming nafar kishi ro‘yxatga olingan. Holbuki 2015 yilda bu ko‘rsatkich 170 ming kishini tashkil qilgan edi. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, endokrinologiya sohasini rivojlantirish nihoyatda muhim.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda o‘limga olib keluvchi kasalliklar orasida yurak qon tomir tizimi kasalliklari, onkologik kasalliklardan keyin aynan qandli diabet va uning asoratlari uchinchi o‘rinda turibdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, shifokor-endokrinologlar faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan hududda kasalligi rasman tasdiqlangan 1 nafar bemorga hali tasdiqlanmagan 3 bemor to‘g‘ri kelishi mumkin. Tibbiyot sifati past hudud bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 5 kishiga qadar yetishi mumkin. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 25 oktyabrdagi tegishli buyrug‘iga asosan, pilot viloyatlarda (tajriba Sirdaryodan boshlangan) 45 yoshdan oshgan aholi orasida qandli diabet skriningi o‘tkazilmoqda.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining «ma'lumki Toshkentga viloyatlardan davo istab keluvchilar juda ko‘p. Poytaxtdagi markaz barcha istovchilarning talabini qondira olyaptimi, navbatlar muammosi qanday hal qilinyapti? Sohaga xususiy sektorning qiziqish qay darajada?» degan savoliga Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Anvar Alimov shunday javob berdi: «So‘nggi ikki yil ichida hududlarda endokrinologiya sohasini komleks rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mutahkamlash, tibbiy yordam sifatini oshirish borasida olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida viloyatlardan poytaxtimizga kelib murojaat qiluvchilar qariyb 3 barobarga qisqardi. Navbatlar ham ancha kamaydi. Deyarli har bir viloyatda zamonaviy markazlarimiz yangitdan qurilib, foydalanishga topshirildi va ularda 650 nafardan ziyod endokrinolog shifokor samarali faoliyat yurityapti».

Sohaga xususiy sektor kirib kelishiga oid savolga esa Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev javob qaytardi: «So‘nggi yillarda tibbiyotimizga xususiy sektorning kirib kelishi kuchaydi. Faktlarga e'tibor bering – ikki yil muqaddam xususiy tibbiy muassasalar soni 3500ta atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular soni 5100taga yetdi. Ular orasida endokrinologiyaga ixtisoslashganlari ham bor. Qolaversa, yaqin yillarda tibbiy sug‘urta joriy etiladi. Ana undan keyin ham davlat, ham xususiy sektor bemorlarga teng xizmat ko‘rsataveradi».

Top