20:27 / 08.08.2019
23579

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tizimdagi rahbar ayollarning bashang kiyinishini tanqid qilib, ularga muhlat berdi

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining quyi bo‘g‘inlaridagi rahbar kadrlar uch oy ichida nafaqat ish uslubini, balki kiyinish tarzini ham o‘zgartirishi talab etiladi.

Qo‘mita raisi Elmira Bositxonova bugun jurnalist va blogerlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda o‘zi rahbarlik qilayotgan tizimda ana shunday tashabbusni ilgari surgani haqida gapirib berdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Lavozimga o‘tirishim bilanoq grafik bo‘yicha joylarga chiqdim va vaziyatlarni o‘rganishga kirishdim. Aniqrog‘i, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raislari hamda mahallalardagi maslahatchi lavozimidan qo‘mita tizimiga o‘tgan 10 mingga yaqin mutaxassislarning nima ish qilishi kerakligi to‘g‘risida aniq ko‘rsatma berish uchun bordim.

Xotin-qizlar qo‘mitasida tizimli ish yo‘qligi bois vaziyat ancha murakkab. Chekka qishloqlarning birida ayollar bilan uchrashuv tashkil qildik. Ularning egnidagi libosi juda oddiy. Tuman raislari esa bashang kiyingan. Bu holatda opa-singillarimiz vakillarimizga dardini qanday aytadi? Quyidagi raislarga oktabr oyigacha muhlat berdim. Uch oy ichida ishlash prinsipini ham, tashqi ko‘rinishini ham o‘zgartirishadi.

Muddat tugagach, monitoring qilamiz. Xato va kamchiliklari bisyorlari jiddiy ogohlantiriladi. Tizimdagi ishning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi va hududlardan kelayotgan murojaatlarning sonini ko‘payishi, albatta, ularning lavozimiga loyiq yoki nomunosib ekanligini ko‘rsatadi.

O‘zimning xulosalarim, kuzatishlarim natijasida kelgusida hal qilinishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarimni belgilaganman. Barchasini asta-sekin amalga oshirishga harakat qilamiz. Bu borada siz jurnalistlarning ham yordamlaringiz juda muhim», – dedi Elmira Bositxonova.

Tadbirda ta'kidlanishicha, yil yakuniga qadar har bir MFYda 30 nafardan eng faol va jonkuyar ayollar saralab olinadi. Ular 5 yo‘nalishda: oila muammolari, ayollar salomatligi, bandlik, bola tarbiyasi va xotin-qizlar jinoyatchiligini oldini olish yo‘nalishlarida volontyor sifatida faoliyat yuritishadi.

Top