20:41 / 09.08.2019
65209

Energetika vazirligi yangi hisoblagichlarda ko‘rsatkichlar “oshirib yuborilayotgani” sababini tushuntirdi


O‘zbekiston Energetika vazirining o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev Toshkentda o‘rnatilayotgan yangi elektr hisoblagichlari iste'mol qilingan elektr energiyani bir necha barobar oshirib hisoblayotgani bo‘yicha ayblovlarni rad etdi. 

“Eski hisoblagichlar o‘rtacha 30 yil ishlaganligini hisobga olganda, undagi mexanizmlar juda eskirgani sababli katta miqdorda elektr energiyani hisobga olmagan. Induksion elektr energiya hisoblagichidan yangi hisoblagichga o‘tganda tabiiyki, elektrning butun hajmi qayd etilmoqda. Eski hisoblagichlar bu hajmlarni qayd etmagan”, deb tushuntirdi Xo‘jayev.

Uning ta'kidlashicha, aholidan kelib tushayotgan shikoyatlarning aksariyati hisoblagich o‘rnatuvchilarga taalluqli. “Ha, bu hisoblagichlar hamma yerda ham sifatli hamda uy egalari ishtirokida o‘rnatilgan emas. Muayyan muammolar mavjud, biz buni tan olamiz”, dedi vazir o‘rinbosari.

Shu bilan birga, u yangi hisoblagichlar to‘g‘ri ishlamayotganligini da'vo qilayotgan iste'molchilarga ishonmasligini ta'kidlab o‘tdi.

“Biz ushbu iste'molchilarga hurmat va tushunish bilan qaraymiz, ammo men bunga ishonmayman”, deya qo‘shimcha qildi Xo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir hisoblagich metrologik tekshiruvdan o‘tadi. U aniqlik bilan ishlasagina, ekspertizadan o‘tgan hisoblanadi, aks holda nosoz mahsulotga chiqariladi.

Yangi hisoblagichlarni o‘rnatish elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yo‘lga qo‘yish doirasida amalga oshirilmoqda, bu jarayon 2021 yil 1 dekabrdan kechiktirilmasdan butun O‘zbekiston aholisini qamrab olishi kerak. Toshkentda hisoblagichlarni almashtirishni yil oxirigacha yakunlashga va'da berilmoqda.

Mavzuga oid
Top