21:10 / 09.08.2019
11746

Moskva viloyatida yuz bergan yong‘inda O‘zbekistonning ikki fuqarosi halok bo‘ldi

6 avgust kuni Moskva viloyatida yong‘in sodir bo‘lib, uning oqibatida O‘zbekiston fuqarolari B.A. va Sh.B. vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga asoslanib Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Jarohat olgan hamyurtlarimiz K.Q. va U.A.ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, hozirda ular Sergiyevo-Posadskiy tumanidagi qarindoshlarinikida bo‘lib turibdi”, deyiladi xabarda.

Xabar qilinishicha, elchixona vaziyatni nazoratga oldi va O‘zbekistonning Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat masalalari agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini vatanga yuborishga doir konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarini hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildiradi va Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod viloyati, Bryansk viloyati, Vladimir viloyati, Voronej viloyati, Ivanovo viloyati, Kaluga viloyati, Kastroma viloyati, Kursk viloyati, Lipetsk viloyati, Moskva shahri, Moskva viloyati, Orlov/Oryol viloyati, Ryazan viloyati, Smolensk viloyati, Tambov viloyati, Tver viloyati, Tula viloyati, Yaroslav viloyati) va Armaniston hududidagi fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi elchixonaga +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top