15:05 / 09.08.2019
15001
Oliy sud bosimga uchrayotgan qo‘shko‘pirlik fermer haqidagi maqolaga munosabat bildirdi

5 avgust kuni Kun.uz e'lon qilgan «Qo‘shko‘pir tuman hokimligi sudda yutqazdi. Fermer o‘ziga nisbatan bosimlar bo‘layotganini aytmoqda» sarlavhali maqola Oliy sudda o‘rganib chiqildi.

Maqolada Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida istiqomat qiluvchi fermer Rasul Xudayberganovga hokimlik sun'iy bosim o‘tkazib, sudma-sud yugurtirgani bayon qilingan. 

«Qo‘shko‘pir tuman hokimi Jo‘rabek Rahimov fermerning paxta ekilgan dalalarini qoniqarsiz baholab, u bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish bo‘yicha sudga da'vo arizasi kiritgan.

Qo‘shko‘pir tumanlararo iqtisodiy sudi ushbu ishni ko‘rib chiqib,  (2019 yil 1 iyuldagi ajrim) da'vogar nizoni sudgacha  hal etish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya qilmaganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 107-moddasi 5-bandiga asosan da'vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

 Shu kungacha sudga mazkur sud ajrimi ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati kelib tushmagan.

«Ibragim baliqchi» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Q.Xudayberganov Oliy sudga xat yo‘llab, sud tomonidan odilona qaror qabul qilinganligi va mazkur ish bo‘yicha sudga hech qanday e'tirozi yo‘qligini bildirgan», – deyiladi Oliy sud munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, maqolada hokimlik e'tiroz bildirgan dalalar maqbullashtirish jarayonida endigina bu yil Rasul Xudayberganovning fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgani aytilgan, Qo‘shko‘pir tumani hokimi esa «yaxshi parvarishlanmagan» degan vaj bilan u bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilgani, ammo sud da'voni qanoatlantirmagani aytilgan edi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top