9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

11:45 / 09.08.2019 6089

Toyloqlik 5 yoshli Bahromjon tug‘ilganidan buyon yurak nuqsoni bilan yashaydi. U zudlik bilan operatsiya qilinishi kerak

Tahririyatga Samarqand viloyat Toyloq tumanida istiqomat qiluvchi To‘ychiyeva Feruza murojaat qildi. U farzandi 5 yoshli Bahromjon betob ekanini aytib, yordam so‘radi. Onasining aytishicha, tug‘ilganidan buyon yurak nuqsoni bilan yashayotgan Bahromjonni ko‘rish uchun Toyloqqa bordik.

Bolakay zo‘rg‘a gapirar va darrov charchab qolardi. Onasi u yoshligidan shunday ekanini aytdi. Feruza To‘ychiyevaning aytishicha, uning katta farzandi ham yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan va yaxshi parvarishdan so‘ng tuzalib ketgan. Kichkina farzandida ham shunday bo‘lishini o‘ylagan onasi bolasini davolatishga imkoni bo‘lmagani uchun uni uyida parvarish qilavergan, ammo bu gal dard kuchlilik qilgan...

Bahromjonning ko‘krak qafasi borgan sari shishib bormoqda. Uni Toshkentdagi klinikaga olib borishganida, faqat operatsiya qilish orqali davolash mumkinligini aytishgan. Operatsiya uchun uzoq vaqt navbatda turgan Bahromjon 12 avgust kuni jarrohlik stoliga yotadi va uning davolanishi uchun 18 million so‘m kerak bo‘ladi.

Oilaning sharoiti og‘ir bo‘lgani bois bolani oldinroq davolatishga imkoni bo‘lmagan. Operatsiyaga ham qarindosh-urug‘dan qarz olish umidida rozi bo‘lishgan, ammo to‘rt tomonga yugurgan oila pul topa olmagan: «Hozir hammaga ham qiyin, buncha pulni kim ham berardi...», deydi Bahromjonning onasi. Bolakayga “Tug‘ma yurak nuqsoni, o‘pka arteriyasi stenozi dekompensatsiya davri” tashxisi qo‘yilgan.

Bahromjon saxiy insonlarning ko‘magiga muhtoj. Ikki og‘iz gapirishga ham ulgurmay holdan toyib qoladigan bu bola tengdoshlari kabi yugurib o‘ynagisi, bemalol nafas olgisi keladi. Sizning ko‘magingiz bilan bir bola oyoqqa turishi, bir oilaning g‘ami arishi mumkin. Xayriya aksiyasida qatnashing va imkoningiz boricha Bahromjonga yordam bering.

Click orqali pul o‘tkazish mumkin bo‘lgan karta raqami: 8600 1402 3158 4401 “Ipoteka bank” kartasi, onasi To‘ychiyeva Feruza nomida.

Top