12:28 / 09.08.2019
15094
Xonqalik fermerning tanlovda yutib chiqqani sudda tasdiqlandi – hokimlik unga nega yer ajratmayapti?
Foto: KUN.UZ

2019 yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 14-sonli qarori qabul qilindi.

Natijada, ko‘plab fermer xo‘jaliklarining yerlari davlat zaxirasiga qaytarildi va tasdiqlangan nizom asosida tanlov o‘tkazilib, g‘oliblarga ajratildi.

Xususan, Xonqa tumani Qoraqosh qishlog‘i hududidagi 108,4 gektar yer maydoni bo‘yicha ham shunday tanlov o‘tkazildi. Unda Qoraqosh qishlog‘ida faoliyat yurituvchi «Ibragim Xanifa» fermer xo‘jaligi rahbari Ro‘ziboy Xalmuratov va Qirqyop qishlog‘ida yashovchi «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligi rahbari Muzaffar Babajanovlar qatnashdi.

2019 yil 28 yanvar kuni va 4 fevral kuni o‘tkazilgan 2ta tanlov natijasiga ko‘ra «Ibragim Xanifa» fermer xo‘jaligi rahbari Ro‘ziboy Xalmuratov 77,5 ball, «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligi rahbari Muzaffar Babajanov esa 79,4 ball to‘pladi. Natijada «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligi tanlovning g‘olibi deb topilib, Xonqa tumani hokimining 2019 yil 2 martdagi 1208q-soni qarori bilan unga 108,4 gektar yer maydoni 49 yilga ijaraga berildi.

«Ibragim Xanifa» fermer xo‘jaligi rahbari Ro‘ziboy Xalmuratovning fikriga ko‘ra, tanlov adolatli bo‘lmagan va Muzaffar Babajanovga asossiz ravishda ballar qo‘shib berilgan.

Bu ish ikki marta – Xonqa tumani ma'muriy sudi va Xorazm viloyati ma'muriy sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Sud mahkamasida tanlov qoidalari haqiqatdan ham buzilgani va Muzaffar Babajanovga asossiz ravishda 11 ball qo‘shib berilgani o‘z tasdig‘ini topdi.

Xususan, tanlov komissiyasi tomonidan quyidagi xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi:

- Talabgor M.Babajanov taqdim qilgan biznes rejasi imzolanmangan va tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, unga 7 ball qo‘yilgan. Aslida imzolanmagan va tasdiqlanmagan biznes reja huquqiy hujjat hisoblanmaydi va unga ball berish noto‘g‘ri;

- M.Babajanovning «Kasb ta'limi – oziq-ovqat texnologiyasi» mutaxassisligi Nizom bo‘yicha «boshqa mutaxassislik» deb baholanishi va 5 ball berilishi o‘rniga «injyener» deb baholanib, 8 ball qo‘yilgan;

- M.Babajanovning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ish staji 9 ball bilan baholanishi o‘rniga 10 ball qo‘yilgan.

Bundan tashqari, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunning 11-moddasida fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasini olishda fermer xo‘jaligi tashkil etilayotgan joyda yashovchi shaxslar boshqa teng shartlarda ustun huquqdan foydalanishi ko‘zda tutilgan bo‘lishiga qaramay, tanlov komissiyasi va tuman hokimi tomonidan ushbu holat hisobga olinmagan. Vaholanki Ro‘ziboy Xalmuratov aynan Qoraqosh qishlog‘ida, Muzaffar Babajanov esa Qirqyop qishlog‘ida yashaydi.

Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi yuridik bo‘limi boshlig‘i B.Razzaqov sudga Xonqa tuman komissiyasi tanlov g‘olibini aniqlashda haqiqatdan ham Nizom talablariga rioya qilmagani va «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligi rahbari foydasiga 11 ball asossiz qo‘shib yozilgani haqidagi o‘z xulosasini ham taqdim qilgan.

Ushbu holatlar bo‘yicha Xorazm viloyati ma'muriy sudining apellyatsiya instansiyasi 2019 yil 3 may kungi majlisida qaror chiqardi.

Sud Xonqa tumani hokimligi zimmasiga «Ibragim Xanifa» fermer xo‘jaligi rahbari Ro‘ziboy Xalmuratovning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining buzilishini boshqacha usulda bartaraf etib, qayta tanlov o‘tkazmasdan, «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligining to‘plagan ballarini baholash mezoniga muvofiq qayta ko‘rib chiqish majburiyati va Xonqa tumani hokimi zimmasiga qonunga muvofiq qaror qabul qilish majburiyatini yukladi.

Xorazm viloyati ma'muriy sudi 2019 yil 9 iyul kuni Xonqa tumani hokimligiga jo‘natgan tushuntirish xatida o‘z qaroriga batafsil izoh beradi.

Unda «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligining to‘plagan ballarini baholash mezoniga muvofiq qaytadan ko‘rib chiqish va ortiqcha hisoblangan 11 ballni chegirib tashlash talab qilingan. Ya'ni talabgor «Ibragim Xanifa» fermer xo‘jaligi rahbari Ro‘ziboy Xalmuratovning to‘plagan umumiy ballari 77,5 ga, «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligi rahbari Muzaffar Babajanov to‘plagan ballar esa 68,4 ga teng ekanini, natijada Ro‘ziboy Xalmuratov tanlov g‘olibi deb e'lon qilinishi lozimligi tushuntirilgan.

Ammo Xonqa tumani hokimligi Xorazm viloyati ma'muriy sudi qarorini bajarmadi va tanlov natijalarini o‘zgarishsiz qoldirib, «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligi rahbari Muzaffar Babajanovga 108,4 gektar yer maydoni 49 yilga ijaraga berish haqidagi qarorini bekor qilmadi.

Bu murojaat yuzasidan Xonqa tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari X.Sobirov va hokimlik yurist-konsultanti Anvar Jumaniyazovdan izoh oldik. Ularning fikriga ko‘ra, tanlovda hech qanday qoida buzilmagan va adolatli o‘tkazilgan.

«Birinchidan, tanlov haqidagi nizomda biznes reja imzolanishi va tasdiqlanishi lozim degan shart yo‘q. Demak, Muzaffar Babajanov taqdim qilgan biznes reja imzolanishi va tasdiqlanishi shart emas edi», - dedi A.Jumaniyazov.

«Ikkinchidan, Muzaffar Babajanov ixtisosligi haqida taqdim qilgan ma'lumotnomada uning injyener bo‘lib ishlash huquqi borligi ko‘rsatilgan. Demak, ixtisosligi bo‘yicha ham ballar to‘g‘ri qo‘yilgan.

Uchinchidan, Xorazm viloyati ma'muriy sudi qarorida Ro‘ziboy Xalmuratovni g‘olib deb e'lon qilish haqida aytilmagan. Bundan tashqari, bu qaror bo‘yicha tushuntirish xati yaqinda (suhbat bo‘lib o‘tgan vaqtdan 10 kun oldin) kelib tushgan. Biz sudning bu qaroridan norozimiz va nazorat tartibida shikoyat beramiz», - deb yakunladi A.Jumaniyazov.

Muzaffar Babajanov tomonidan tanlov komissiyasiga taqdim qilingan ma'lumotnomaga e'tibor beramiz.

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti bu ma'lumotnomada, Muzaffar Babajanov ixtisosligi «53000000 – Ishlab chiqarish texnik soha bilim sohasi 5321000 – Oziq ovqat texnologiyasi (mahsulot turlari bo‘yicha) yo‘nalishi kasb ta'limi» hisoblanishi, bitiruvchi muhandis (injyener) – pedagogik huquqiga ega ekanligini ko‘rsatgan.

«Fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini berishda tanlov g‘olibini aniqlash to‘g‘risida»gi Nizomning 2-ilovasida faqatgina «Injyener» mutaxassisligi uchun reyting ballari qo‘yilishi nazarda tutilgan bo‘lib, «Injyener-pedagogik» mutaxassisligi uchun reyting ballari qo‘yilishi nazarda tutilmagan. Demak, «Injyener-pedagogik» mutaxassisligi boshqa mutaxassislik sifatida baholanishi lozim edi. Xorazm viloyati ma'muriy sudi ham xuddi shunday xulosaga kelgan.

Qo‘shimcha qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 16-moddasiga ko‘ra, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari barcha davlat organlari, fuqarolar, korxonalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar uchun majburiydir va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi lozim.

38 yildan beri qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritib kelayotgan, oliy ma'lumotli agronom, bu sohada katta bilim va tajriba to‘plagan mutaxassis, paxta va g‘alla rejasini har doim ortig‘i bilan bajarib kelgan, zarur texnika vositalariga ega bo‘lgan fermer Ro‘ziboy Xalmuratov sudning qonuniy kuchga kirgan qarori yuzasidan adolat talab qilmoqda.

Biz huquqiy demokratik jamiyatda yashayapmiz deb da'vo qiladigan bo‘lsak, qonunlarga jamiyatning barcha a'zolari so‘zsiz itoat qilishi va ularni bajarishi lozim. Shunday ekan Xonqa tumani hokimligi ham Xorazm viloyati ma'muriy sudining qarori talablarini bajarishi shart.

Jurnalistik tekshiruvimizning davomida tuman hokimining sud qarori ijrosini ta'minlamaganligiga Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan qanday choralar ko‘rilgani haqida to‘xtalamiz. Voqealar rivojini kuzatishda davom eting.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top