9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

17:36 / 10.08.2019 6385

Ekologiya inspeksiyasi: Bo‘stonliqdagi chiqindilar bilan bog‘liq holat bartaraf qilindi

2019 yilning 8 avgust kuni KUN.UZ saytida “Bo‘stonliqning so‘lim ekologiyasiga zarar yetkazayotgan haydovchilarga kim chora ko‘radi?” sarlavhasi ostida chop etilgan maqolada keltirilgan holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiya hamda uning Toshkent viloyatidagi bo‘linmasi bilan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Kichiksoy” MFYga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatan ham ushbu qishloqning jarlik qismida qurilish chiqindilari mavjud bo‘lib, mazkur holat fuqaro S. R. tomonidan yuzaga keltirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yer uning buvasiga tegishli bo‘lib,  buvasiga uning onasidan meros bo‘lib o‘tgan. Dastavval mazkur yerning umumiy maydoni 7 gektarni tashkil qilib, sel, ko‘chki kabi tabiiy ofatlar natijasida 3 gektari o‘pirilib ketgan. S. R. oilasiga qarashli bo‘lgan yerning qolgan qismini saqlab qolish, uni mustahkamlash maqsadida o‘ziga tegishli bo‘lgan yuk mashinasida qurilish chiqindilarini to‘kib ustidan tuproq tortish, kelgusida imorat solib, uni kadastrdan o‘tkazishni rejalashtirgan.

Qurilish chiqindilari bilan birga qishloqning pastki qismida to‘planib qolgan maishiy chiqindilar masalalari, sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha jamoa shartnomalarining tuzilganligi yoki tuzilmaganligi yuzasidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Kichiksoy” MFY raisi Nazarova Zuhraga murojaat qilindi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Kichiksoy” MFY tarkibida 7 ta ko‘cha mavjud bo‘lib, chiqindixona “Ko‘hnaqo‘rg‘on” (sobiq Oq tosh ko‘chasi) ko‘chasida yuzaga kelgan. Mazkur hududdda 159 ta xonadan istiqomat qilib, shulardan 83 tasi mahalliy xonadon vakillari, qolgan 76 tasi shahar aholisi vakillari (“dacha egalari”) hisoblanadi. Maishiy chiqindilar to‘plangan joy mazkur ko‘cha boshida – jarlikning pastki qismida joylashgan hududda (ushbu hududda 11 xonadon istiqomat qiladi) aholi tomonidan yuzaga keltirilgan. Sanitar tozalash xizmatlari uchun to‘lovlar to‘lanmagan. Yoz mavsumida dam olish uchun tashrif buyurgan fuqarolar esa bu yerda ijarada vaqtinchalik turayotganlari sababli mazkur to‘lovlarni xonadon (“dacha egalari”) sohiblari to‘lashlari kerakli ma'lum qilganlar.

O‘tkazilgan tadbir davomida mahalla raisi, uning faollari, xonadon egalari bilan suhbat davomida qishki mavsumda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan yo‘llarning ta'mirlanmaganligi sababli mazkur joyga maxsus texnikalarning tusha olmasligi, o‘z navbatida sanitar tozalash xizmatlarining to‘laqonli amalga oshirish imkoni mavjud emasligi aniqlandi.

Yuqorida bayon etilgan holatlar yuzasidan mahalliy aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Shu bilan birga “Ko‘hnaqo‘rg‘on” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro S. R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida” gi qonunning 13-moddasi talablarining buzilganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 91-moddasiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, mazkur hududni chiqindilardan xoli etish bo‘yicha ogohlantirish berildi.

2019 yil 9 avgust kuni fuqaro S. R. tomonidan ushbu hudud chiqindilardan xoli qilindi.

Top