01:13 / 10.08.2019
15003

Toshkentda 40-50 yillik daraxtlarni noqonuniy kesgan erkak ushlandi

8 agustda Toshkent shahri bo‘ylab ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiya nazoratchilari reyd o‘tkazishdi. 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatida ma'lum qilinishicha, reyd vaqtida TTZ avtostansiyasi yaqinida magistral yo‘l bo‘ylab yangi kesilgan katta diametrli daraxtlarni ortib ketayotgan yuk mashinasi payqalgan.

Yuk mashinasi ekologik nazorat va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan va tashilayotgan yuk ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv vaqtida yuk mashinasida yoshi 40-50 yillar atrofida bo‘lgan yangi kesilgan qayrag‘och daraxtlari tashilgani va yuk egasi Toshkent viloyatida yashovchi erkak ekanligi o‘rnatilgan. 

Yuk egasi daraxtlar qonunga muvofiq kesilganini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qila olmagan. Erkak daraxtlar Qibray tumani hududidan kesib olingani va Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi “O‘rikzor” qurilish bozori yaqinida joylashgan qurilish yog‘ochini tayyorlash sexiga piloramaga olib ketilayotganini ma'lum qilgan. Qonunbuzar, shuningdek, bu noqonuniy faoliyat bilan 10 yildan ko‘proq vaqtdan beri shug‘ullanib kelishini tan olgan.

Ayni vaqtda erkakka nisbatan huquq-tartibot idoralariga topshirish va qonunchilikka ko‘ra chora ko‘rish uchun materiallar tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid
Top