9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

15:39 / 12.08.2019 11102

Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi qonun loyihasida nimalar aks etmoqda?

Foto: Shutterstock

2019 yil 12 avgust kuni parlament quyi palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonida ekspertlar va ishchi guruhi a'zolari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qator qonun hujjatlariga ko‘ra, shaxsga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilish jinoiy jazolanadigan qilmish bo‘lishiga qaramay, amaliyotda ayollarga nisbatan, ayniqsa, oilaviy-maishiy hayotda zo‘ravonlik hollariga huquqni himoya qilish va boshqa davlat organlari tomonidan yetarlicha e'tibor berilmaydi. Shu bois ham ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik hamda tazyiq uchun javobgarlikni qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish talab etilmoqda. Bu masalalar to‘liq qamrab oladigan yagona qonun mavjud emasligi esa, davlat organlariga tizimga solingan kompleks statistika olib borish imkonini bermayapti.

Prezident tashabbusi, g‘oyalari asosida ilk bor ishlab chiqilgan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ana shu muammolarga barham berishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, loyihani pishiq-puxta holiga keltirib, maromiga yetkazish jarayonida har bir modda sinchiklab tahlil qilindi. Havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi.

— “Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga nisbatan munosabati bilan belgilanadi”, degan hikmatli gapda katta ma'no-mazmun bor, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhabbat To‘xtayeva. — Ana shu hikmatni o‘zida mujassam etgan mazkur qonun loyihasi xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta'lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Loyihada tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik belgilangan. Bundan tashqari, tazyiq hamda zo‘ravonlikni boshidan o‘tkazgan shaxslarni himoya qilish, jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday shakliga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirishni nazarda tutuvchi protsessual kafolatlarni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar aks ettirilgan. Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari aniq ko‘rsatilib, bu sohadagi vakolatli organlar belgilab berilgan.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda, turmushda, ish joylarida, ta'lim muassasalari va boshqa joylarda xotin-qizlarga nisbatan munosabatni yanada yaxshilash, ularga nisbatan hurmat va ehtiromni tobora mustahkamlashga xizmat qiladi. Tazyiq va zo‘ravonlik hollarining oldini olish mexanizmi qonunchilik darajasida mustahkamlab qo‘yiladi, deyiladi xabarda.

Top