9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

16:45 / 13.08.2019 107256

Murod Xonto‘rayevni pichoqlagan shaxslarga sud hukmi e'lon qilindi

2018 yilning 26 noyabr kuni Toshkent shahridagi «Toshkent savdo markazi» (sobiq Turkuaz) hududida yakkakurash sport turining aralash turi bo‘yicha jahon chempioni Murod Xonto‘rayev pichoqlab ketilgandi.

Keyinchalik, internetda MMA jangchisi Murod Xonto‘rayevning ofisiga uyushtirilgan hujumga oid videolar tarqaldi.

Xonto‘rayevning pichoqlanishi bilan bog‘liq holatda qator shaxslar tergovga tortilgan. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b, v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud matbuot xizmati vakili Aziz Obidovning Kun.uz’ga xabar berishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida sudlanuvchilar S. Akbarov (1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlangan), I. Abdulahatov (1991 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlangan), S. Fatxullayev (1991 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlangan), O. Sadikov (1985 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan), J. Saynazarov (1988 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan), S. Vadenov (1992 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) va T. Azizov (1992 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi Akmal Ergashev raisligida hamda xalq maslahatchilari B. Muslimov va M. Mirhamidovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchilarni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye”, “k” bandlarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topdi.

Sudlanuvchilar yuqorida qayd etilgan jinoyatni 2018 yil 26 noyabr kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan “Toshkent savdo markazi” majmuasi binosining birinchi qavatidagi “PABLO” kafesi yonidagi ofisning ichida fuqarolar M. Xonto‘rayev, S. Zunnunov va I. Saidovga nisbatan sodir etishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi S. Akbarovga 6 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, I. Abdulahatovga 6 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, S. Fatxullayevga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, O. Sadykovga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, T. Azizovga 6 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, J. Saynazarovga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi va S. Vadenovga 6 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga sudlanuvchilar tomonidan chiqarilgan hukmga nisbatan berilgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan va hukm o‘zgarishsiz qoldirildi.

2019 yil 22 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida sudlanuvchilar A. Nazarov (1992 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan), D. Qayumov (1991 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan) va S. Ortiqov (1992 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlanadi.

Ushbu sudlanuvchilarga yuqorida ko‘rsatilgan sudlanganlar bilan bir guruhda bo‘lganliklari haqida ayb e'lon qilingan. 

A. Nazarov, D. Qayumov va S. Ortiqov qidiruvda bo‘lganliklari va endi ushlanganliklari sababli ularga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi alohida ko‘rib chiqiladi.

Mazkur jinoiy ishni ko‘rib chiqish bo‘yicha sudda jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi Abdulla Abdulxayev raislik qiladi.

Top