23:07 / 13.08.2019
4211
Navoiyda 5 ta muhim tashabbusga bag‘ishlangan film taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 19 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Ayni vaqtda respublika bo‘ylab ushbu tashabbuslarning ijrosini ta'minlash va targ‘iboti yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Navoiy viloyatida ham bu borada tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, ushbu tadbirlar doirasida Prezidentning beshta muhim tashabbusiga bag‘ishlab respublikada birinchi bo‘lib «Yomg‘irga aylanganlar» badiiy filmi tayyorlandi.

Navoiy viloyat hokimligi va viloyat madaniyat boshqarmasi hamkorligida ishlangan ushbu film taqdimotiga keng jamoatchilik vakillari, yoshlar taklif etildi.

Nazarboy Nurillayev rejissyorlik qilgan ushbu filmda yoshlarimizga bo‘lgan e'tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga urg‘u berilgan.

Turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyo manzaralarida yoshlarimizning ma'naviy immunitetini kuchaytirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish har qachongidan ham dolzarb ekanligi filmda o‘z aksini topgan.

Tadbir yakunida jamoatchilik vakillari, tashkilotlar rahbarlari va yoshlar film haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li tayyorladi.

Top