9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

12:38 / 14.08.2019 3679

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi: Tender komissiyasi faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan joriy yil may oyida Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida o‘tkazilgan jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining sayyor qabuli davomida “Olmaliq Isuzu Trans” MChJ tomonidan Toshkent viloyatida yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari bo‘yicha tender savdolarini tashkil etish komissiyasi tarkibida “Toshviltransterminal” uyushmasining vakili mavjudligi tender savdolarida raqobat muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganligini bildirilgan. Bu haqda qo‘mita xabarida aytilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent viloyati hokimining 2019 yil 22 apreldagi 317-sonli qaroriga asosan tarkibi jami 13 kishidan iborat bo‘lgan “Shahar, shahar atrofi va shaharlararo (viloyat ichida) yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashishni tashkil etish viloyat komissiyasi” tarkibi tasdiqlangan.

Aniqlanishicha, mazkur komissiya tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 29 iyuldagi “Shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchilar tashish avtomobil transportida ochiq tenderlar tashkil etish va o‘tkazish masalalari to‘g‘risida”gi 368-sonli qarori bilan tasdiqlangan Shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashishni tashkil etish komissiyasi to‘g‘risidagi namunaviy nizom talablariga rioya etilmagan holda shakllantirilgan. 

Jumladan, Komissiya tarkibiga boshqa idoralar vakillari bilan bir qatorda viloyat Transport boshqarmasidan 4 nafar vakil va “Toshviltransterminal” uyushmasi raisi kiritilgan. Toshkent viloyatida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi 306 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektdan 59 tasi “Toshviltransterminal” uyushmasi a'zosi hisoblanadi. Mazkur uyushma raisining komissiya tarkibiga kiritilishi o‘tkazilgan tender savdolarida uyushma a'zolarining mazkur uyushmaga a'zo bo‘lmagan xo‘jalik sub'yektlariga nisbatan afzal holatga ega bo‘lishi mumkinligiga olib keladi.

2018 yil davomida o‘tkazilgan Shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashish bo‘yicha 4 ta tender savdolarida “Toshviltransterminal” uyushmasi a'zosi bo‘lgan 8 ta sub'yekt 15 ta lotda ishtirok etish uchun buyurtma bergan va barchasida g‘olib deb topilgan.

Bundan tashqari, komissiya a'zoligiga transport tizimidan jami 5 kishi (komissiya tarkibida 38,4%) kiritilishi, o‘tkazilayotgan tanlovlarda ovoz berishda manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi hamda raqobat muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi ehtimoli aniqlangan.

Mazkur holatlar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Olmaliq Isuzu Trans” MChJ va Toshkent viloyati hokimligi vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilib, uning natijasi bo‘yicha Toshkent viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasi tegishli qismlari talablarini buzgan deb topilgan hamda mazkur qonun buzilish holatini bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berilgan.

Toshkent viloyati hokimining 2019 yil 22 apreldagi 317-sonli qarori bilan tasdiqlangan Shahar, shahar atrofi va shaharlararo (viloyat ichida) yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashishni tashkil etish viloyat komissiyasi tarkibiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib (jumladan, “Toshviltransterminal” uyushmasi vakili komissiya tarkibidan chiqarildi), bu haqda Toshkent viloyat hokimligi 2019 yilning 1 avgust kuni rasmiy ravishda Qo‘mitaga ma'lum qilgan.

Top