12:45 / 14.08.2019
45116

«Olti ochkolik o‘yin». Neymar «Real»ga kerakmi yoki «Barselona»ga?

Foto: AFP

Neymarning transferi goh «Real», goh «Barselona» bilan bog‘lanib, o‘ziga xos raqobatni eslatib yuborayotgandek tuyulsa-da, aslida unday emas va olti-yetti yil oldingi poyga bilan solishtirish noo‘rin. O‘shanda rostan ham Ispaniya grandlari «Santos»da porlayotgan yulduzda Ronaldu va Messining o‘rinbosarini ko‘rishgan va uni klubga olib kelish uchun qattiq harakat qilishgandi.

Menimcha, hozir unday emas. Aksincha, Neymarning Ispaniyaga qaytmoqchi bo‘layotgani klublarga imkoniyatdan ko‘ra, xavotir taqdim etayotgandek. Umuman, La Liga favoritlariga Neymar kerakmi o‘zi?

«Real»ni olaylik. Zidan olib kelmoqchi bo‘lgan navbatdagi yulduz sifatida Mbappe yoki Neymardan ko‘ra, ko‘proq Pogbani istaganini tushunsa bo‘ladi. Baribir tarkibda yulduzlarning joylashtirilishi masalasi qandaydir muvozanatni talab qiladi. «Real» hujum chizig‘iga Azarni sotib oldi va uni oldingi chiziqning asosiy yulduzi sifatida ko‘rmoqda. Bu holatda endi Neymarning ham qo‘shilishi (buning ustiga, Neymar ham aynan chap qanotga og‘ib o‘ynaydi) qanday oqibatga olib kelishi aniq emas. Pogba esa, markaziy yarim himoyaning yulduzi bo‘lishi kerak edi va u Azarga xalaqit qilmasdi, aksincha, yordam berardi. Shu nuqtayi nazardan, bugungi «Real» tarkibiga yetishmayotgan qism aynan Neymar deb o‘ylamayman.

«Barselona»da biroz boshqacha, bu yerda «asosiy yulduz» degan savol yo‘q, «Messi va boshqalar» bor. Barselonada Neymarning o‘zi ham «Messining yordamchisi» bo‘lishga qarshi emasdek, ya'ni bunday muammo chiqmaydi. Ammo Grizmanning kelishi va Suaresning hamon tarkibda ekani, Neymarga ehtiyoj paydo qiladimi? Mayli, Koutino teskari yo‘nalishda Parijga ketsin, Dembeledan ham bir amallab qutulishdi deylik. Shunday bo‘lsa ham, asosiy tarkibda Messi – Neymar – Suares – Grizmann to‘rtligini tasavvur qilish ham qiyin. Albatta, bu juda qiziq bo‘lardi, jamoa hozirgidan kuchliroq bo‘lishi aniq – ammo Neymarga to‘lanadigan katta pul darajasida ehtiyoj yo‘q, demoqchiman xolos.

Xullas, bir narsa shubhasiz, Neymar – top futbolchi, uning tarkibda bo‘lishi «Real»ni ham, «Barselona»ni ham kuchaytiradi. Lekin bu farq unga to‘lanadigan yirik transfer summasi qadar emas, klublarning Neymarga ehtiyoji nima qilib bo‘lsa ham, uni sotib olish kerakligini ko‘rsatmayapti. Xo‘sh, unda nega Peres ham, Bartomeu ham Neymardan voz kechib qo‘ya qolishmayapti?

Unday qila olmaydilar. Agar Peres Neymardan voz kechsa, «Barselona» uni qo‘lga kiritishi, Bartomeu istamasa, «Real» uloqni olib ketishi mumkin. Endi, jamoalar braziliyalik futbolchini qo‘lga kiritish imkoniyatidan voz kechish barobarida, bu imkoniyatni raqibga berib qo‘yadilar. Peres Neymar hisobiga jamoasini kuchaytirish imkoniyatidan osongina voz kechishi mumkindir, ammo «Barselona»ning Neymar bilan kuchayishini istamaydi. Neymar uchun to‘lanishi mumkin bo‘lgan transfer summasining yarmi aynan mana shu faktor tufayli, deb ham tushunavering.

Men bir narsaga aminman, agar Neymar Parij klubi bilan yangi shartnoma imzolaganda yoki turli xabarlarda aytilganidek, «Yuventus», «Manchester Yunayted» kabi biror klublarga transfer bo‘lganida, Peres va Bartomeu uchun ayni muddao bo‘lardi. Ular buni istagan bo‘lishlari ham mumkin. Yo‘q, Neymarning aynan Ispaniya ostonasiga joylashib olgani har ikki klubga muammo tug‘dirayotgandek.

Bu xuddi futboldagi «olti ochkolik o‘yin»ga o‘xshaydi. Masalan, chempionlik uchun kurashayotgan ikki jamoa o‘zaro o‘ynaganda, sharhlovchilar bu iborani ko‘p ishlatishadi. Bu o‘yindagi g‘alaba olti ochkoga teng – ham siz uch ochkoni olasiz, ham asosiy raqib uch ochkodan mahrum bo‘ladi. Bu o‘yin ikki jamoa ochkolarini tenglashtirishi ham yoki farqni olti ochkogacha oshirishi ham mumkin. Mana shunaqa mas'uliyatli o‘yin.

«Real» va «Barselona» bunday o‘yinlarda ko‘p kuch sinashishgan. Deyarli har mavsum, ayniqsa ilk klassiko olti ochkolik o‘yinga aylanadi. Endi esa, bunday to‘qnashuv transfer bozoriga ham ko‘chgan. Neymarning transferi klublarga to‘liq uch ochko olib kelmasligi mumkin, lekin raqibni uch ochkodan mahrum qilishi aniq...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid
Top