11:58 / 14.08.2019
30266

O‘zbekistonda qandli diabet bilan kasallangan bemorlar soni ortishi kutilmoqda

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha, sohadagi mavjud muammolarni hal qilish va endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashxislash va davolash maqsadida Milliy dastur, chora-tadbirlar kompleksi, “Yo‘l xaritasi” belgilab olingan.

So‘nggi ikki yil ichida hududlarda endokrinologiya sohasini kompleks rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida viloyatlardan poytaxtimizga kelib murojaat qiluvchilar qariyb 3 barobarga qisqargani ta'kidlandi. Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab 650 nafardan ziyod endokrinolog shifokor faoliyat yuritmoqda.

Tadbir davomida Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 25 oktyabrdagi buyrug‘iga asosan, pilot viloyatlarda 45 yoshdan oshgan aholi orasida qandli diabet skriningi o‘tkazilayotgani haqida ma'lumot berildi. Shuningdek, qandli diabetning surunkali asoratlarini kamaytirish, ularni yuzaga kelishini kechiktirishga va bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan onlayn registr ishlab chiqilmoqda.

“2015 yilda qandli diabet bilan kasallangan 170 ming 536 ta bemor ro‘yxatga olingan edi, — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusufaliyev. — Bugungi kunga kelib esa, 230 ming 610 ta bemor ro‘yxatga va nazoratga olingan. Ko‘rib turibmizki, qandli diabetga chalinganlar oxirgi 3 yilda deyarli 60 mingtaga ko‘paygan. Bundan keyin skrining tekshiruvlari va kasallikni aniqlash ishlari ko‘payib boradi. O‘zbekistonda qandli diabet bilan kasallangan bemorlar soni ortishi kutilmoqda”.

Qayd etilishicha, olib borilgan tadqiqotlar va Namanganda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida mamlakatimizda qandli diabet bilan kasallangan bemorlar soni (230 ming) kelgusida 4-5 martaga oshishi mumkin.

“Hozirda shu 230 ming nafar bemordan 66 765 tasiga davlat tomonidan insulin beriladi, — dedi Bahodir Yusufaliyev. — Bemorlarimizning insulin bilan ta'minoti — muhim masala”.

Muloqot mobaynida akademik Yo.X.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari va yetakchi mutaxassislari tomonidan inson salomatligi va jamiyat rivojiga salbiy ta'sir etuvchi bunday kasalliklarning oldini olish va bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani xususida to‘xtalib o‘tildi, deyiladi agentlik xabarida.

Mavzuga oid
Top